Bugungi kunda jahondagi 8 ta mamlakat – Avstriya, Irlandiya, Kosta-Rika, Lixtenshteyn, Malta, Shveysariya, Shvetsiya va Turkmaniston betaraflik maqomiga ega. Ulardan faqat Turkmanistongina BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasiga binoan bu maqomga erishgan.
1995-yilda Turkmaniston o‘zining doimiy betarafligini e’lon qildi. Turkmanistonning bu niyati avvaliga 1995-yil 15-martda EKOga a’zo davlat rahbarlari tomonidan, 1995-yil 20-oktyabr kuni esa 114 mamlakat vakillari ishtirok etgan Qo‘shilmaslik harakati anjumanida qo‘llab-quvvatlandi. Ashxabodning bu boradagi mavqeyi ko‘plab xalqaro tashkilotlar rahbarlari tomonidan iliq kutib olindi. Shundan so‘ng BMT Bosh assambleyasi 1995-yil 12-dekabr kuni Turkmanistonning doimiy betarafligi to‘g‘risida 50/80 raqamli rezolyutsiya qabul qildi.
Unda ta’kidlanganidek, Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu kabi hujjat xalqaro hamjamiyat faoliyatida birinchi marta qabul qilindi. Bosh assambleya sessiyasida bu qarorni BMTga a’zo 185 davlat vakili qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng Turkmaniston tashqi siyosatida yangi davr boshlandi.
So‘nggi yillarda Turkmaniston jahondagi o‘nlab mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlab bormoqda. Xorijiy sarmoyadorlar yordami bilan mamlakatda yuzlab inshootlar barpo etildi. Xalqaro huquqning teng huquqli subyekti bo‘lgan betaraf Turkmaniston davlatlararo aloqalarni rivojlantirib bormoqda. Bugungi kunda Turkmaniston jahondagi 120 dan ortiq mamlakat bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatib, 40 dan ortiq xalqaro tashkilotning a’zosiga aylangan. Turkmanistonning ko‘plab xorijiy mamlakatlarda elchixonalari mavjud. O‘z navbatida, 30 dan ortiq xorijiy mamlakat va xalqaro tashkilotning vakolatxonasi Turkmanistonda faoliyat yuritadi. O‘tgan qisqa davrda Turkmaniston davlat qurilishi borasida ulkan yutuqlarga erishdi. Mamlakat ijtimoiy hayotida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi.
O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlari o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Gurbanguli Berdimuhamedov “O‘zbekiston Turkmanistonning ishonchli do‘sti, muhim va faol sherigidir. Biz O‘zbekiston bilan azaliy do‘stlik va ma’naviy yaqinlikka asoslangan samimiy munosabatlarni yuksak qadrlaymiz”, deb ta’kidlaydi.
Davlatlarimiz o‘rtasida qaror topgan do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat, do‘stona qo‘shnichilik va har tomonlama yaqin hamkorlik munosabatlari kelgusida ham mamlaktlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari, shuningdek, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida rivojlanib boraverishiga shubha yo‘q.
Sharofiddin To‘laganov