O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yerlardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni maqbul joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, yer uchastkalarini berish tartib-taomillari noshaffof va byurokratiyalashtirilgan bo‘lib qolmoqda, bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish va hududlarning zamonaviy me’moriy qiyofasini yaratishda yerlardan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan yer uchastkalarini berishdagi huquqbuzarliklar yoki ularni asossiz olib qo‘yish bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar yer uchastkalarini berishning tanlov tartibi lozim darajada yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Vakolatli organlar faoliyatida yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqish va kelishishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan to‘liq hajmda foydalanish ta’minlanmayapti, bu esa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarining cho‘zilishiga va byurokratik to‘siqlarga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘pchilik aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlari mavjud emasligi, eskirgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan shaharsozlik normalari va qoidalari kompleks qurish talablariga rioya etilmasligiga va aholi punktlarining me’moriy qiyofasi yomonlashuviga olib kelmoqda.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlardagi byurokratik tartib-taomillar va to‘siqlarni qisqartirish maqsadida:

1. 2018-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib belgilansinki, unga ko‘ra:

yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshiriladi;

yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish faqat zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda qonun hujjatlari normalarini va amaliyotda ularni qo‘llashdagi mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilish asosida yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni birxillashtirish bo‘yicha qaror qabul qilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga beriladigan yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha materiallarni yig‘ish va vakolatli tashkilotlar bilan kelishish tartib-taomillarini bajarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etishni, shuningdek, uning “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi bilan integratsiya qilishni;

tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion o‘tkazish orqali berilishini tashkil etishni ta’minlasin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

aholi punktlarining bosh rejalari loyihalariga, qishloq (ovul) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga bo‘lgan talablarni loyihalarning tarkibini, ularni kelishish tartibi va muddatlarini soddalashtirgan, shuningdek, aholi punktlarini rivojlantirish va qurishni rejalashtirish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish narxlarini pasaytirgan holda tubdan qayta ko‘rib chiqishni;

aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirishda tadbirkorlik subyektlari – davlat-xususiy sheriklik ishtirokchilariga batafsil rejalashtirish loyihalarida ko‘rsatilgan chegaralar doirasida yer uchastkalarini olishga ustunlik huquqini taqdim qilgan holda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishni;

aholi punktlari bosh rejalaridan, qishloq (ovul) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirishni tashkil etish loyihalaridan ularning ochiq grafik qismini O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari veb-saytlarida e’lon qilish orqali hammaning foydalanish imkoniyatini ta’minlashni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Quyidagilar:

hisob-kitob (smeta) qiymati 2 milliard so‘m va undan yuqori bo‘lgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlash;

qurilish (rekonstruksiya, kapital ta’mirlash) qiymati oldin e’lon qilingan qiymatidan oshgan ijtimoiy va fuqarolik ahamiyatga ega obyektlar bo‘yicha xulosalar berish tartibi bekor qilinsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-dekabrdagi “Ijtimoiy va fuqaro obyektlarini loyihalash va qurishda tegishli tartib o‘rnatish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–1666-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 20-aprel