Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti seleksioner olimlari tomonidan ilk bor achchiq qalampirning issiqxonada yetishtirishga va mahalliy tuproq iqlim sharoitiga mos “Sharq gavhari” navi ixtiro qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, achchiq qalampirning yangi navi mamlakatimizda issiqxonada yetishtirishga moslashtirilgan ilk mahalliy nav hisoblanadi. Ushbu nav o‘rtapishar bo‘lib, uning vegetatsiya davri 123-125 kunni tashkil etadi.
“Sharq gavhari”ning ko‘rinishi boshqa qalampirlardan deyarli farq qilmaydi. Uning tupi yarim yig‘iq, shtambli, o‘rtacha barglanuvchan, baland bo‘ylidir. Mevasi konussimon ko‘rinishda, o‘rtacha hajmda, yuzasi tekis, texnik yetilganda yashil, biologik yetilganda qizil bo‘ladi. Etining qalinligi 1,6-2,0 mm, ta’mi esa achchiq. Bir tupdan 45-50 ta meva olinadi.
Ushbu qalampirning hosildorligi gektariga 24-25,5 tonnaga teng.
O‘zA