“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani bo‘linmasi tomonidan “Obod mahallam” nomli grant loyihasi doirasida o‘tkazilgan “Ko‘chat ekish – ezgu an’ana” mavzusidagi insholar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur loyihaning maqsadi – atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar bilan hamkorlikda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish, aholining ekologiyaga oid bilimlarini kengaytirish maqsadida uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlovlar tashkil qilish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhit muhofazasiga hissa qo‘shishdan iborat.

Aholi, ayniqsa, yoshlarni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslarni tejashga da’vat qilish, ularning ekologiyaga oid bilimlarini oshirish maqsadida “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan insholar tanlovida 14 ta umumta’lim maktabidan tabiatsevar, ijodkor o‘quvchilar ishtirok etdi.

Tanlov g‘olib va sovrindorlariga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tumani bo‘linmasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri