1 mart atoqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov tavallud topgan kun.

Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”da O.Sharafiddinov xotirasini e’zozlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar dastlab Ozod Sharafiddinov haykali poyiga gullar qo‘ydi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, atoqli adabiyotshunos olim Naim Karimov, olimning farzandi Alisher Sharafiddinov mamlakatimizda adabiyot rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustozlar xotirasini ardoqlash doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.

Manbalarga ko‘ra, Ozod Sharafiddinov o‘tgan asrning 60-yillaridan adabiyotshunos sifatida tanilgan. «Zamon. Qalb. Poeziya» (1962) kitobida adabiy asarlarni badiiylik qonuniyatlari nuqtai nazaridan tadqiq etgan. Uning tadqiqotlari adabiyotni milliy g‘oyalar va adabiy qonuniyatlar asosida tahlil qilishga bag‘ishlangan.

«Adabiy etyudlar» (1968) kitobida ijodkor shaxsi va uning badiiy asardagi o‘rni masalalari talqin qilingan. «Yalovbardorlar» (1974), «Iste’dod jilolari» (1976) to‘plamlariga kiritilgan ilmiy maqolalari adabiy ijoddagi an’analar, mumtoz adabiyotni o‘rganish vositalari va jahon adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan.

Ozod Sharafiddinov o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida milliy va jahon adabiyoti an’analarini uyg‘un qabul qilish tamoyillarini boshlab berdi.

Shu bilan birga Ozod Sharafiddinov milliy adabiyotni shakllantirish muammolari, o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligini qayta qurish, jahon adabiyoti an’analarini o‘zlashtirish, tarjima san’atini yuksaltirishni tadqiq etishga ham alohida e’tibor qaratdi.

Ma’rifiy tadbirda ustoz Ozod Sharafiddinov hayoti, faoliyati, ilmiy izlanishlarining o‘ziga xos jihatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.

 

N.Usmonova,

O‘zA