Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilindi. Unda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash borasida quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi belgilandi.
– jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish;
– jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish;
– advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish talabini bekor qilish.
Mas’ullarga mazkur masalalar bo‘yicha tegishli qonunlar loyihalarini Davlat dasturida belgilangan muddatlarda ishlab chiqish vazifasi yuklandi.
O‘zA