«2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga ko‘ra, joriy yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi.

18-40 yoshli 12,6 million nafar aholi profilaktik ko‘rikdan, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi bo‘lmagan 6,3 million nafar aholi yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million nafar aholi onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.

Shuningdek, spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 nafar bolani dori vositalari bilan ta’minlash, 250 nafardan ortiq zaif eshituvchi bolada koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish, shuningdek, bunday operatsiyalar o‘tkazilgan 132 nafar bolada nutq protsessorlarini almashtirish choralarini ko‘rish belgilandi.

Dasturga muvofiq, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni berish bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz shaklda talab qilish taqiqlanadi.

2023 yil 1 iyuldan boshlab esa Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etiladi.

2023 yil yakuniga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ambulator va statsionar sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya bilan qamrab olish ko‘lami 30 ming nafarga yetkaziladi.

 

O‘zA