Prezident Shavkat Mirziyoyev “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Davlat dasturiga ko‘ra, 2023 yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 90 mingga yetkaziladi.
Aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali mulk huquqi asosida Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.
32 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Xalqaro va mahalliy fond birjalarida “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish uchun kompaniyaning ustav fondi 100 million AQSH dollari ekvivalentiga yetkazilishi belgilandi. Bunda, ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish hisobiga jalb qilingan mablag‘lar ipoteka kreditlari uchun resurs sifatida banklarga joylashtirilishi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA