Yurtimizda bugungi kunda jamoat transporti xizmatidan kuniga 10 milliondan ortiq yo‘lovchi foydalanadi. Jamoat transporti aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejaydigan muhim vosita. Afsuski, bugungi kunda jamoat transport xizmati zamonaviy rivojlanish talablariga mos kelmayapti.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 31 yanvar kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida 2023 yilda yana 2 mingta avtobus olib kelinishi aytilgan edi. Prezidentimiz yig‘ilishda qancha ko‘p avtobus olib kelinmasin, joylardagi transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimi o‘zgarmasa, aholi ehtiyojiga yarasha xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi, deya alohida ta’kidladi. Sohadagi ish tizimini o‘zgartirib, xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar berdi.
Xo‘sh, sohada qanday yangi xizmat turlari yo‘lga qo‘yiladi?
Transport vazirligi departament boshlig‘i Ruslan Ro‘zmetovning bu haqdagi mulohazalarini o‘rgandik.
— Shu kungacha haydovchilar kundalik “plan” asosida ishlab kelishgan. Ayting-chi, kundalik “plan”ga bog‘langan tizimning qaysi taraflari o‘zini oqlamadi?
— Kundalik ish rejimi avtobus haydovchilari yoki korxonalarning kundalik “plan” summasiga bog‘langan edi. Ya’ni ular kunning foydali vaqtlarida faoliyat ko‘rsatib, foydasiz, yo‘lovchi oqimi nisbatan kamroq bo‘lgan paytlarda xizmat ko‘rsatmasligini belgilaydi. Shu sabab ular o‘z harakatlarini foydali qatnovlarda amalga oshirardi. Bu esa oraliq intervalning oshib ketishiga, yo‘lovchilarning avtobuslarni ko‘p vaqt kutib qolishiga sabab bo‘ldi. Natijada yo‘lovchilarning jamoat transportiga ishonchi pasayadi va oraliq qatnovlar vaqti oshib ketganidan so‘ng yo‘lovchilarni jamoat transportidan foydalanish ulushi kamayadi.
— Yangi joriy qilinayotgan tizim haqida ham tushuncha berib o‘tsangiz?
— Hozir yangi tizimda aniq bir mexanizm joriy qilinyapti. Unga ko‘ra, kunlik tushum rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Tashuvchilarga mablag‘lar avtobusning yurgan masofasi va odamlar xizmat sifatidan qoniqishiga qarab beriladi. Xizmat sifatiga avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim bo‘ladi.
Misol uchun, bitta yo‘nalishni o‘rtacha 12 kilometr deb olaylik. Hozir viloyat markazlari va Toshkent shahrida 12 kilometrli yo‘nalishda 10 ta avtobus faoliyat yuritadi, deb oladigan bo‘lsak, kuniga 12 ta qatnov qilinsa, 120 ta qatnovni 12ga ko‘paytirib, kunlik tashuvchining aniq xarajati belgilanadi. Bu birinchi asosiy ko‘rsatkich. Ikkinchi ko‘rsatkich bu – sifat.
Ya’ni, o‘z vaqtida faoliyat ko‘rsatishi, avtobusni toza saqlash va haydovchi muomalasiga qarab sifat ko‘rsatkichlari belgilanadi. Bunda agar 100 ballik shkalada olib qaraydigan bo‘lsak, 80 foizi bosib o‘tgan yo‘lga, 20 foizi sifat ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib belgilanadi.
—Tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladigan tizim joriy qilindi. Avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar beriladigan bo‘ldi. Bu imkoniyatlarning avtobus parklarini kengaytirishda o‘rni qanday bo‘ladi?
— Yo‘nalishlarni to‘g‘ri belgilaganimiz bilan avtobuslarni o‘zi bo‘lmasa bu tizim ishlamaydi. Shuning uchun tadbirkor xususiy sektor tomonidan ushbu tizimda faoliyat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash, soha jozibadorligini oshirish va jamoat transportida faoliyat ko‘rsatishni kafolatlangan biznes darajasiga ko‘tarish maqsadida bu tizim belgilandi.
Har bitta xususiy sektor, xususiy korxona yoki tashuvchi avtobus parkini o‘zi yangilab borish mexanizmi joriy qilindi. Endilikda tashuvchi o‘zi avtobus bilan tenderda qatnashib, yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatadi. Avtobus parkini xususiy sektorlar tomonidan yangilash uchun import qilinadigan avtobuslarda qo‘shimcha qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lash va 10 yilgacha bo‘lgan kreditlarni berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
— Nima uchun 10 yil muddat belgilandi?
— Chunki texnik jihatdan qaraydigan bo‘lsak, har bitta avtobusning o‘rtacha ekspluatatsion foydalanish muddati 10 yil etib belgilangan. Unga qisqa muddatli kreditlar bu sohada avtobuslar parkini belgilash imkoniyatini bermaydi. Chunki avtobuslar ishlagandan keyin o‘zini oqlab natijasini beradi. 10 yilgacha beriladigan kreditlar xususiy tadbirkorlar tomonidan avtobuslar parkini yangilashda juda katta ahamiyatga ega bo‘lib, yaqin yillarda avtobuslar soni keskin oshishiga olib keladi.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi