Samarqandda og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida umumjamoa hisobida qizlar o‘rtasida Qashqadaryo vakillari 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tarbiyalanuvchilari eng ko‘p medallarga ega chiqdi.

Murosasiz bahslar sarhisobiga ko‘ra, 17 yoshgacha bo‘lgan og‘ir atletikachilar orasida O‘zbekistonning rekordlari yangilandi.

40 kilogrammli qizlar bahsida qashqadaryolik Munisa Odilova dast va siltab ko‘tarishda ham, ikki kurash natijasiga ko‘ra ham birinchi o‘rinni egalladi. Siltab ko‘tarishda 62 kilogramm toshni bo‘ysundirib, yangi O‘zbekiston rekordini o‘rnatdi.

40 kilogramm vaznda o‘tgan yilgi rekord buxorolik Sarvinoz Ko‘paysinovaga tegishli edi. Bu gal uning 60 kg. ko‘rsatkichini Munisa ikki kiloga yaxshilashga erishdi.

Shuningdek, 81 kilogramm og‘irlikda supachaga chiqqan andijonlik Lola Abdurashidova umumiy holatda yetakchilikni qo‘lga kiritib, siltab ko‘tarishda 105 kilo, ikki kurash natijasida 190 kilogramm toshni ko‘tardi. Ushbu og‘irlikda o‘tgan yili buxorolik Hushnoza Xoliqovaga tegishli rekordlarni yangiladi.

Chempionatda qatnashgan o‘smirlar o‘rtasida jahon va qit’a chempionatlari sovrindori Diyor Ermatov 89 kilogrammda hamon yetakchi ekanligini namoyish qildi. U 137/165/302 ko‘rsatkich bilan ta’qibchilarini 10 kilogramm holatida ortda qoldirdi. O‘smirlar o‘rtasida o‘tgan yilgi Osiyo chempioni, surxondaryolik Madina Fayzullayeva ham chempionlik yo‘lida sobitligini isbotladi.

Shiddatli va murosasiz bahslar natijasida o‘g‘il bolalardan Javlonbek Mirhokimov, Asadbek Fazliddinov, Akbar Begmatov, Botir Paraxatov, Umatilla Rustambekov, qizlardan Zulfiya Ramazonova, Charos O‘rolova, Shahnoza Jabborova, Marjona Abdumutalova, Rayhona Nurniyozova, Madina Fayzullayeva, Madonna Karimova ham g‘oliblik shohsupasidan joy oldi. Aynan ushbu o‘smirlar orasidan saralanganlar joriy yil mart oyida Albaniyada o‘tadigan Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Sportchilarning ko‘rsatkichlariga ko‘ra, o‘g‘il bolalar orasida umumjamoada sovrinli o‘rinlar Xorazm va Samarqand vakillariga, qizlar o‘rtasida esa Xorazm va Navoiy jamoalariga tegishli bo‘ldi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA