Joriy yilning 24 fevral kuni To‘rtko‘l tumani “Kaltaminor” ovul fuqarolar yig‘inida sodir bo‘lgan suv toshqini hodisasi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, mazkur ovul fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi “Kaltaminor-1” kanalining o‘ng qirg‘og‘ida suvning ko‘tarilishi hisobiga kengligi 5 m, chuqurligi 1,78 m bo‘lgan suv toshib chiqish hodisasi sodir bo‘lgan. Toshqin natijasida shu hududda yashovchi 7 nafar fuqaroning yashash uyi va yordamchi xo‘jalik inshootlariga zarar yetkazilgan. Suv toshqini jarayonida jarohatlangan fuqarolar bo‘lmagan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan shu kuni soat 7 ga qadar suv toshqini bartaraf etilib, to‘planib qolgan suvdan hovli, yer maydonlari tozalangan.

Hodisa joyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi, Vazirlar Kengashi hamda respublika prokuraturasi mas’ullari yetib borib, vaziyat joyida o‘rganildi. Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hududiy sektor rahbarlari hamda boshqa mas’ullarga tegishli topshiriq berilgan.

Mazkur holat yuzasidan To‘rtko‘l tuman prokuraturasi tomonidan “Paxta Arna Nayman” irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi va To‘rtko‘l tuman Irrigatsiya bo‘limi mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan jinoyat kodeksining 203, 207 va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash yuzasidan ekspertiza tayinlangan.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA