bugungi kunda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, AKTdan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, soha bilan mashg‘ul yoshlar kontingentini ko‘paytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Boisi, AKT sohasida boshlangan islohotlar jarayonida to‘xtash yoki uzilish qilib bo‘lmaydi. Bu boradagi uzluksizlikni ta’minlashda esa xorij tajribasini chuqur o‘rganish, eng ilg‘orlarini mahalliy kadrlar tayyorlash tizimiga tatbiq etish dolzarb hisoblanadi. Shu sababli, yoshlarning AKT yo‘nalishiga qiziqishlarini inobatga olib, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi.

Shu bilan birga, IT-startaplarga ko‘mak berish va AKT sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy oliy ta’lim muassasalari qoshida IT-Inkubatsiya markazlari tashkil etib kelinmoqda. Axborot texnologiyalari sohasiga bunday katta e’tibor qaratilishi esa o‘tgan uch yillik vaqt davomida o‘z natijasini beryapti. O‘tgan yili IT-park rezidentlari 5 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatgan, 140 million dollarlik xizmatlarni eksport qilgan.

Ayni kunga qadar mavjud 715 ta davlat xizmatidan 370 tasi raqamli platformaga o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan o‘tgan yili 12 million aholi foydalangan. Raqamlashtirish natijasida 70 dan ortiq turdagi ma’lumot va hujjatlarni aholidan talab qilish bekor qilindi. Natijada, minglab fuqarolarimiz bu xizmatlardan foydalanish jarayonida ortiqcha vaqt sarflash va byurokratik to‘siqlardan xalos bo‘lmoqda.

Ammo, bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami hamda dunyo miqyosida AKT sohasi va kadrlariga bo‘lgan talabning ortib borishi soha va hududlarda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p ekanligini ko‘rsatmoqda. Shu boisdan, mazkur haftada davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida axborot texnologiyalari sohasidagi vazifalar muhokama qilinib, galdagi rejalar belgilab olindi.

Xususan, yig‘ilish avvalida vazirliklarning mavjud 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashtirilgani, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar, adliya, standart, sog‘liqni saqlash sohalarida o‘nlab xizmatlar elektron shaklga o‘tkazilmagani tanqid qilindi.

Axborot texnologiyalari sohasida mahsulotning ham, eksportning ham asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotgani va hududlarda bu borada belgilangan vazifalarni amalga oshirish ishlari kechikayotgani tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgani, buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT-arxitektor, operator va muhandislar kerak bo‘lishi ta’kidlandi.

Shu boisdan, hududlarda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘ini kengaytirish, xorijiy IT-kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada qulay muhit yaratish, aholi va tadbirkorlar uchun eng zarur bo‘lgan yangi elektron xizmatlarni ishga tushirishga alohida ahamiyat qaratilishi belgilandi.

Jumladan, Toshkent shahrida sinovdan o‘tgan Raqamli geoportal, Raqamli uy-joy kommunal, Xalq nazorati kabi tizimlar hududlarda ham joriy qilinadi. Buni nazorat qilish va amalga oshirish esa Raqamli texnologiyalar vazirligiga yuklatildi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, sohani rivojlantirishda yetarli darajadagi infratuzilma va sharoitni yaratib berish bilan bir qatorda sohaga qiziquvchan yoshlarni rag‘batlantirib borish ham muhim sanaladi. Shu boisdan joriy yil 1 apreldan “Elektron hukumat”, “Biznes uchun dastur”, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan Respublika tanlovi o‘tkaziladi. Shuningdek, hududlarda yoshlar yaratgan 50 ta eng yaxshi dastur Raqamlashtirish jamg‘armalari hisobidan sotib olinadi.

Umuman olganda, yig‘ilishda belgilab olingan chora-tadbirlarning soha va hayotimizga tatbiq etilishi barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini beradi.

Muzafara Abdiyeva,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  

O‘zA