Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetiga 2023/2024 o‘quv yili uchun iste’dodli yoshlarni saralab olish hamda yoshlarga yanada kengroq imkoniyatlar yaratib berish maqsadida universitetga o‘qishga hujjatlar qabuli joriy yilning yanvar oyidan boshlanib, avgust oyiga qadar davom etishi belgilab qo‘yildi.

Bunda abituriyentlar o‘z xohishiga ko‘ra kirish imtihonini fevral, may yoki avgust oylarida topshirishlari mumkinligi belgilandi. Bugun, 25 fevral kuni universitetga 2023/2024 o‘quv yili uchun birinchi qabul imtihoni o‘tkazilmoqda.

Imtihon savollari Cambridge Assesment International Education hamda ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikda ingliz tilida tashkil etilgan.

Har bir fan bo‘yicha kirish imtihoni test shaklida bo‘lib, 20 ta topshiriqdan iboratdir. Abituriyentlarga har bir to‘g‘ri javob uchun 5 balldan beriladi. Bunda bir fan kesimida eng ko‘pi bilan 100 ball to‘planishi mumkin. Har bir fan bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarish uchun 70 daqiqa vaqt ajratiladi.

Aytish kerakki, imtihon savollari O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlarida joriy etilgan o‘quv dasturlari asosida oson, o‘rta va qiyin tusdagi savollar turkumi bo‘yicha shakllantirilgan.

Saralash imtihonlari videokuzatuv va boshqa texnik vositalarni qo‘llagan holda ota-onalar hamda jamoatchilikka onlayn tarzda ham namoyish etib borilishi ta’minlangan.

Hozirda abituriyentlar o‘zlari tanlagan ta’lim yo‘nalishiga ko‘ra matematika va mantiqiy fikrlash, kimyo va fizika fanlaridan imtihon topshirmoqdalar. Shuningdek, universitetga o‘qishga qabul qilinish uchun ingliz tilidan ham xalqaro til bilish sertifikatga ega bo‘lish talab etiladi. Buning sababi esa universitetda darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, universitet qabul nizomiga ko‘ra o‘qishga hujjat topshirgan talabgorlar xalqaro fan sertifikatiga ega bo‘lgan taqdirda sertifikat baliga ko‘ra tegishli fandan maksimal miqdorgacha ball berilishi va talabgorning xohishiga ko‘ra imtihonlardan ozod etilishi mumkin. Bu turdagi sertifikatlarga SAT, IB, GCSE, IGCSE, GCE O-Level, GCE A-Level va AS-Level dunyoning ko‘plab universitetlari tomonidan tan olinuvchi xalqaro sertifikatlar kiradi.

Shuningdek, xalqaro fan olimpiadalarida oltin, kumush va bronza medaliga ega abituriyentlarga ham tegishli fani bo‘yicha maksimal ball berilib, imtihonlardan ozod etilishi mumkin.

N.Usmonova, O‘zA