“Indorama Corporation” O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik sanoati rivoji yo‘lida katta investitsiya kiritgan Singapur kompaniyasi hisoblanadi.
Kompaniya Qo‘qon shahridagi “Indorama Kokand textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi, “Indorama Agro” paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, Singapur kapitali ishtirokidagi «Qo‘qon superfosfat zavodi» aksiyadorlik jamiyati negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida olib borilayotgan ishlari yanada e’tiborlidir. Kompaniya so‘ngi 10 yil davomida 0.5 mlrd. dollar sarmoya kiritib, 3000 ortiq yangi ish o‘rinlari yaratishga erishdi.
O‘zA muxbirining «Avangard» loyihasi mehmoni –“Indorama Corparation” kompaniyasi ijrochi direktori Prakash Kejrival bilan suhbati ushbu yirik kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida bo‘ldi.
–Janob, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun sizga tashakkur bildiramiz. “Indorama Corporation” kompaniyasi asosan sintetik tolalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Lekin kompaniya tomonidan O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasiga investitsiya kiritilgan. Bunga sabab nima?
– Meni «Avangard» loyihasiga birinchi mehmon sifatida taklif qilganingiz uchun minnatdorman. “Indorama” haqida gapirar ekanmiz, u asli 45 yil avval to‘qimachilik kompaniyasi sifatida rivojlangan. To‘g‘ri, hozirgi kunda “Indorama” biznesi kengaydi va globallashdi, 45 yil ichida biz o‘sdik, lekin bizning asosiy biznes yo‘nalishlaridan biri sifatida hali ham to‘qimachilik biznesi muhim rol o‘ynaydi. Biz haligacha dunyoda yirik to‘qimachilik sanoati mahsulotlarini yetkazib beruvchi kompaniya hisoblanadi.
O‘zbekistonga to‘xtaladigan bo‘lsak, nega biz aynan to‘qimachilik sohasiga investitsiya kiritdik? Chunki 12 yil avval O‘zbekistonga kirganimizda ko‘rdikki, u yirik paxta yetishtiruvchi va eksportyor davlat sifatida mashhur bo‘lgan hamda paxtasini asosan ip-kalava ko‘rinishda eksport qilgan. Bu davlatning salohiyati juda katta, chunki paxtani eksport qilishdan ko‘ra, uni qayta ishlab rivojlantirish biz uchun juda muhim. Shuning uchun 12 yil avval xalqaro darajadagi ip-kalava ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik va bu yo‘nalishga investitsiya kiritdik. Ma’lumki, 2022 yilga kelib O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida 3 milliard dollardan ortiq mahsulotni eksport qilishga erishdi. Bu esa “Indorama” to‘g‘ri yo‘nalishga investitsiya kiritganidan dalolat beradi.
– Har bir davlatning agro sohasida o‘zining tajribasi bo‘ladi. Biz bilamizki, siz agro-klaster yo‘nalishida faoliyat olib borasiz. Aynan bu borada yutuqqa erishishda qanday tajribadan foydalandingiz?
– Siz to‘g‘ri aytib o‘tingiz. “Indorama«hozirda agro sanoat biznesiga kirdi. Agro biznes biz uchun odatiy yo‘nalish emas. O‘zbekistondagi kompaniyamiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi birinchi korxonamizdir. Sohaga kirar ekanmiz, uni transformatsiya qilishga va 12 yil avval to‘qimachilik sanoatini qanday rivojlantirishga kirishgan bo‘lsak, agro biznesda ham aynan shu tajribani qo‘lladik. Bu bizning birinchi tajribadagi kompaniyamiz hisoblanadi, shuning uchun dunyoning eng yetakchi, ya’ni qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlari tajribasini o‘rganishdan boshladik va O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jalikni rivojlantirishni boshladik. Birinchi navbatda AQSHga bordik, Avstraliya, Braziliya tajribasini o‘rgandik va bu sohani o‘rganganimiz sari o‘sha davlatlarning eng yetakchi tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llashni boshladik. Biz qishloq xo‘jaligida ish boshlashdan oldin juda ham ko‘plab izlanishlar o‘tkazdik, ko‘plab mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qildik. Yurtingiz o‘ziga xosligini, yerini, suvini, quyoshini va hamma tizimini o‘rganib chiqdik. O‘zbekistonda bu tajribamiz birinchi marta bo‘lganligi uchun bu yerga eng yetakchi texnologiyalarni olib kelganmiz.
Hozirgi kunda bu tajribalardan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda har bitta yo‘nalish bo‘yicha alohida ishlar olib bordik. Misol uchun, paxta maydoniga lazer bilan ishlov berdik. O‘zbekistonda suv juda muhim, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida. Buni hisobga olgan holda, biz tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ydik. Sho‘r yerlarni qayta boyitish, sifatli mahsulot olish maqsadida yerga ishlov berish, sho‘rini yuvish ishlarini olib bordik va sho‘rlarini neytrallashtirish uchun kalsiy bilan boyitdik. Shu bilan birga, zararli hasharotlarni kamaytirishda biolaboratoriyalarda yetishtirilgan foydali hasharotlar bilan kurashish loyihasini ishga tushirdik. Natijada 2 ta xalqaro darajadagi biolaboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlar tajribasini qo‘lladik. Biz qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilishga intilmoqdamiz.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali unga yangi bilimlarni olib kirishni maqsad qildik. Shuningdek, mamlakatingizni global bozorga olib chiqishdek maqsadlarimiz bor.
– O‘zbekistonga investitsiya kiritish va bu diyorda faoliyat yuritishning qulay tomonlari nimada-yu, qiyinchiliklari nimada?
– “Indorama” O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida yirik investorlardan biri hisoblanadi. Bunda nafaqat to‘qimachilik, balki agro biznesga ham sezilarli investitsiya kiritdik, shu bilan bir qatorda,“Indorama” o‘g‘itlarni ishlab chiqarish biznesini O‘zbekistonda rivojlantirmoqda. Hozirgi kunda Farg‘onada azot bo‘yicha ham ish olib bordik va “Indorama Kokand Fertilizers” kompaniyasini ishga tushirdik.
Investitsiya qismiga keladigan bo‘lsak, O‘zbekiston tabiiy resurslarga boy va katta tajribaga ega mutaxassislar bor, industrial jihatdan ham barchasi mavjud. Shu bois mamlakatingiz investorlar uchun eng qulay davlat hisoblanadi. O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tishga katta ahamiyat qaratdi va 2016 yildan boshlab islohotlar yaxshi natija berdi. Biror davlatga investor bo‘lib kirar ekansiz, o‘sha davlatda mavjud barcha imkoniyatlarni baholaysiz va qanday xavflar borligini o‘rganasiz. Har bir investor buni hisobga oladi. Eng avvalo O‘zbekiston investorlar uchun xavfsiz.
O‘zingiz va biznesingizning himoyalanganini sezsangiz, o‘sha davlatga kira olasiz. Bu uning sarmoyasi himoya ostida ekanligini bildiradi. Hozir qiyinchiliklar bor, deb ayta olmayman, lekin imkoniyatlar yetarli.
– Ip yigirishga ixtisoslashgan ushbu yirik qo‘shma korxonaning bugungi imkoniyatlari, korxona jamoasi va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning geografiyasi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– “Indorama Kokand Textile” yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi va u yerda 50 ming tonna ip-kalava ishlab chiqariladi. Mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlangan. Ishchilarning asosiy qismini ayollar tashkil qiladi. Biznesimizning asosiy g‘oyasi shaffoflik va yuqori sifatni ta’minlashdir. Korxonada xalqaro darajadagi xavfsiz ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan, bu yo‘nalishda ISO va boshqa sertifikatlarga ega.
Hozirgi kunda dunyoning turli davlatlariga eksport amalga oshirilsa, biz shu davlat va barcha mintaqalarga mahsulot yetkazib berish imkoniyatiga egamiz. Keyingi qadamlarimiz, albatta, texnologik jihatdan kompaniyamizni yanada rivojlantirish.
– 2020 yil noyabr oyida O‘zbekiston milliy axborot agentligining uza.uz saytida “Indorama Corparation” kompaniyasi hamkorlikni yanada kengaytiradi” sarlavhali maqola chop etilgan. Unda qo‘shma korxonada mato, sochiq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirilgan. Ayting-chi, korxona ana shu takliflar asosida imkoniyatlarini kengaytira oldimi?
– Hozirgi kunda “Indorama”ning asosiy maqsadi ip-kalava ishlab chiqarish. Bu taklif qachon muhim bo‘lishi mumkin, qachonki, ip-kalava sifatli bo‘lsa. Ip-kalava sifatli bo‘lsa, siz mato ham, tayyor kiyim ham qila olasiz, lekin ip yaxshi bo‘lmasa, sifatli mahsulot ishlab chiqara olmaysiz. Xabaringiz bo‘lsa, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasiga uyushgan 300 dan ortiq xorijiy brendlar O‘zbekistonga boykot e’lon qilgan. Biz muloqotga kirishib, ularni O‘zbekiston bilan ishlashga undadik. 2022 yil boshida bu boykot yechildi. Bu imkoniyat bizga nima berdi? Bu bizga xalqaro brendlarni O‘zbekistonga olib kelish va ularga yetkazib berish zanjiriga kirishga imkoniyat yaratdi.
Ularga qanday sifatli mahsulotlarni yetkazib bersak, degan maqsaddamiz. Bu maqsad yo‘lida “Better Cotton” sertifikat tizimimiz bor. BCI sertifikatlar qo‘yilgan mahsulotlarimizni ko‘rgan brendlar biz bilan hamkorlik qiladi. Chunki bu dunyo tan olgan tizim hisoblanadi. Biz BCI bilan ishladik va O‘zbekiston tarixida birinchilardan bo‘lib sertifikatni qo‘lga kiritdik. Biz ichki mato va sochiqlar, tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarga brendlar bilan ishlashga katta imkoniyat yaratdik.
– Bilamizki, kompaniya sintetik tolalarni ishlab chiqaradi va shu yo‘nalishda dunyo bo‘yicha mashhur. Ayting-chi, O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishda ishlash rejangiz bormi?
– “Indorama” dunyoda yirik poliester ishlab chiqaradigan korxona hisoblanadi. O‘zbekistonga bu biznesni olib kirishni biz bir necha marotaba o‘ylaganmiz, lekin bu loyihani haligacha amalga oshirmaganimizning bir necha sabablari bor. Bulardan biri, bu raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishdan iborat. Chunki poliester tolani ishlab chiqarishda ishlatiladigan xom ashyo Markaziy Osiyo hududida mavjud emasligi, uni import qilish va bu xalqaro bozorda raqobatbardoshligini kamaytiradi.
Bu orada biz poliester tolasini import qilish va poliester kalava va aralash kalava ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz.
Sintetik tolaga talab oshmoqda. Spandeksni olib kirish imkoniyatlarini qidirmoqdamiz, “Inviya” brendimizni olib kirish yuzasidan ishlayapmiz.
– “Indorama Kokand Textile” kabi korxonani boshqa hududlarda ham tashkil etish niyatingiz bormi?
– Qashqadaryo viloyatida aynan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirganmiz. Hudud imkoniyatlaridan kelib chiqib, yangi loyihani Qashqadaryoda amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
– Janob, mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi, Doniyor YAKUBOV (video).