Poytaxtimizda O‘zbekiston – Ozarbayjon hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov, Ozarbayjon Respublikasi tomonidan esa iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov delegatsiyalarga rahbarlik qildi.
Forumda, shuningdek, ikki mamlakat vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, mahalliy hokimliklar va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Forumda mamlakatlarimizda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, talabga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va istiqbolli bozorlarga olib chiqish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Shu bois ikki davlat tegishli vazirliklarining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda har qanday zarur yordamni ko‘rsatish zarur.
Shu o‘rinda aytish kerak, savdo aloqalarini kengaytirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida yaqin kelajakda ikki mamlakat bozorlariga talabga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish, muntazam savdo va biznes missiyalarini o‘tkazish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun platformalar yaratish rejalashtirilgan.
Aytib o‘tish joiz, hozirgi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon uchun ustuvor yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Raqamlarga e’tibor qaratsak, 2022 yil iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida Ozarbayjon kapitali ishtirokida 243 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 86 tasi qo‘shma va 157 tasi yuz foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Ularning aksariyat qismi mashinasozlik va metallni qayta ishlash, energetika, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmog‘i, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va ta’mirlash, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk operatsiyalari, xizmat ko‘rsatish, savdo yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
– Kompaniyamiz plastik trubalar, avtomobil ehtiyot qismlari, panel radiatorlari kabi uch yuzdan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradi, – deydi Ozarbayjonning “Jahon HOLDING” kompaniyasi direktori Emil Rasulov. – Kompaniyamizning Toshkent shahrida ham vakili bor va biz O‘zbekiston bozoriga yangi emasmiz. O‘zbekiston bozori biz uchun juda jozibali, shu bilan birga, yangilikka e’tiborli. Endilikda o‘zbek tadbirkorlari bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘ymoqchimiz. bugungi biznes-forumi doirasida panel radiatorlari va plastik trubalarni ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yishga doir shartnoma imzoladik.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar hududlararo hamkorlik doirasida yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish muhimligini ta’kidladi. Yig‘ilish davomida Buxoro va Lankaron, Xiva va Shusha, Qo‘qon va Sheki, Samarqand va Ganja shaharlari o‘rtasida qardoshlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan qator muhim hujjatlar, Toshkent va Boku o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Shu bilan birga, loyihalarni muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Forumda ikki mamlakat hududlari rahbarlari ham so‘zga chiqdi. Ular hudud va tarmoqlarning sanoat va investitsiyaviy salohiyatining taqdimotlarini o‘tkazdi. Har ikki davlat iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldirishi tamoyiliga asoslanib, avtomobilsozlik, paxta va to‘qimachilik sanoati, ipakchilik, qurilish materiallari va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni faollashtirishga kelishib oldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning B2G va B2B formatidagi uchrashuvlari hamda O‘zbekiston – Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining 3-yig‘ilishi tashkil etildi.
Forum yakunlari bo‘yicha har ikki mamlakat hududiy rivojlanishining tarmoqlarida jami 11 ta savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi.
Go‘zal Sattorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA