Bolgariyaning Sofiya shahrida yakunlangan “Kichik jahon chempionati” maqomidagi “Stranja” turnirida mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalari umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.

74-bor tashkil etilgan ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 7 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 18 ta medalga musharraf bo‘ldi.

Yengilmas bokschilarimizdan Bahodir Jalolov, Shodiyorjon Meliqo‘ziyev, Hasanboy Do‘smatov, Mujbillo Tursunov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Saidjamshid Ja’farov va Shoxjahon Abdullayev oltin medallarga ega chiqqan bo‘lsa, Mirazizbek Mirzaxalilov, Adhamjon Muhiddinov, Ruslan Abdullayev, Bekzod Hamidov, Saidaxon Rahmonova kumush hamda Shunqor Abdurasulov, Dilshod Abdumurodov, Xadichabonu Abdullayeva, Nurislom Ismoilov, Havasbek Asadullayev va Jasurbek Yo‘ldoshev bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston terma jamoasining umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagani natijasida terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevga “Stranja” turnirining maxsus sovg‘asi tantanali ravishda topshirildi. Bolgariyada zafar quchgan bokschilarimiz bugun O‘zbekistonga qaytib keladi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA