Bugun, 25 fevral kuni Germaniyaning Dyusseldorf shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “WR Chess Masters” turnirining so‘nggi 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Ortda qolgan sakkizta tur natijalariga ko‘ra, 5 ochkoga ega hindistonlik Dommaradju Gukesh va AQSH sharafini himoya qilayotgan Levon Aronyan yetakchilik qilmoqda.
Kecha o‘tkazilgan 8-turda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov niderlandiyalik Anish Giriga qarshi qora donalarda harakatlanib, durangga erishdi va ochkolari sonini 3,5 taga yetkazib, kuchli oltilikdan joy oldi.
O‘tkazilgan turlarda o‘n nafar eng kuchli shaxmatchilarning uzaro hisob-kitobini tahlil etadigan bo‘lsak, 7-turgacha Aronyan yetakchilik qilib kelayotgan edi. Ammo, aynan ushbu turda uning Nepomnyashiydan mag‘lub bo‘lishi hamda hindistonlik Gukesh rossiyalik Yesipenkoni qora donalarda taslim etishi hindistonlik shaxmatchining yetakchiligini ta’minladi.
Bugun o‘tkaziladigan 9-tur bahslarida Aronyan – Gukesh uchrashuvi musobaqa g‘olibini aniqlashdagi muhim o‘yin sanaladi. Shuningdek, 4,5 ochko bilan 3-o‘rinda borayotgan Nepomnyashiy ham birinchi o‘rindan umidini uzganicha yo‘q. Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) bayrog‘i ostida harakatlanayotgan rossiyalik shaxmatchi ushbu turda qora donalarda germaniyalik Kaymerga qarshi dona suradi.
Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov xalqaro musobaqaning so‘nggi turida “WR Chess Masters” turnirida 4-o‘rinda borayotgan amerikalik Uesli So bilan ro‘baro‘ keladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA