AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays ma’lum qildi.

«Ular Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish zarurligini muhokama qildilar. BMT Nizomini himoya qilish va mintaqada gumanitar yordam ko‘rsatish amallarini davom ettirish muhimligini ta’kidladilar», dedi diplomat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika diplomatiyasi rahbari don shartnomasini 18 martgacha «avtomatik ravishda uzaytirish muhimligini» ta’kidlagan.

Blinken va Guterrish Suriya va Turkiyadagi zilzilalar oqibatlarini ham ko‘rib chiqishdi. Ular «BMT va gumanitar tashkilotlar jabrlanganlarga kundalik zarur ehtiyojlar yordami yetkaza olish uchun Suriyaga insonparvarlik yordamini davom ettirish zarurligini yana bir bor ta’kidladilar».

Davlat kotibi va Bosh kotib Afg‘onistonning insonparvarlik ehtiyojlarini ham muhokama qildilar.

O‘zA