Qoraqalpog‘iston Respublikasi yuridik texnikumida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi K.Tarixov, Ma’muriy sudi raisi A.Nurlipesov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari M.Abdijaliyev va boshqalar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorining 12-bandiga muvofiq mamlakatimizda joriy yilning 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari” haftaligi o‘tkazilmoqda.

Targ‘ibot haftaligini munosib o‘tkazish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalari tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, prokuratura, Adliya va boshqa hamkor tashkilotlar bilan mahallalarda “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi, shuningdek, barcha ta’lim tashkilotlarida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusida “Axborot soati” va “Ma’naviyat soatlari” tashkil etilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash borasida maqsadli choralar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida ta’limni takomillashtirish yuzasidan muhim qadamlar qo‘yilmoqda. 2020-2024 yillarda inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqich yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim berishga qaratilgandir.

Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori asosida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Mazkur Milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadi — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalari va inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholining barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy va xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iboratdir.

Shuningdek, uchrashuv davomida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratilganligini, faqat jazolash bilan qo‘rqitib, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylanganligi qayd etildi. Kelajakda poraxo‘rlik jinoyatiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har bir inson halol, vijdonli, xolis va odil, faqat qonunga so‘zsiz bo‘ysungan holda vazifalarini amalga oshirishi, xar qanday nojo‘ya harakatlardan o‘zlarini tiyishi shart.

Uchrashuv yakunida yoshlarni qiziqtirgan savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.


Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri