Toshkent shahrida “Parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va aholining xabardorligini oshirishdagi o‘rni” mavzusida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini va aholining bu boradagi xabardorligini oshirish, jamiyatda inson huquqlari va barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xalqaro davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati senatorlari va Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari, akademik hamjamiyat vakillari, mamlakatimizdagi diplomatik korpus a’zolari ishtirok etdi.
bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarini milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga jalb qilish, aholi xabardorligini oshirish kabi masalalar asosiy maqsad etib belgilangan.
Ma’ruza va muhokamalar mobaynida ekspertlar tomonidan davlatimiz rahbari so‘nggi yetti yil ichida BMT Bosh Assambleyalarida umumbashariy muammolar yechimiga oid o‘ndan ziyod tashabbuslar bilan chiqqani va eng muhimi mazkur tashabbuslarning barchasi Bosh Assambleya tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlangani, tegishli rezolyutsiyalar qabul qilingani qayd etildi.
BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda Parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish maqsadga muvofiq.
Tadbir dasturiga muvofiq, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sohasida O‘zbekiston siyosati: parlament, ijroiya hokimiyati va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligining dolzarb masalalari”, “Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida aholi xabardorligini oshirish”, “Barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi: Fuqarolik jamiyati institutlarining ixtiyoriy milliy hisobotlarni ishlab chiqishda hozirgi va kelajakdagi ishtiroki” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Barqaror rivojlanish markazi nodavlat notijorat tashkiloti Germaniyaning Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish orqali jamiyatning barqaror rivojlanish maqsadlari haqida xabardorligini oshirish” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yakunda BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik Memorandumlari imzolandi.
Behruz Xudoyberdiyev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA