Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Nukus shahar Kengashi tomonidan “14 fevral – Daryolar, suv va hayotni muhofaza qilish uchun harakatlar kuni” va “19 fevral – Jahon dengiz sut emizuvchilarini muhofaza qilish kuni” munosabati bilan seminar tashkil etildi.

Unda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, “Yoshlar qanoti” va “Ayollar qanoti” a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirda biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) U.Qudaybergenova,  O‘zbekiston Ekologik partiyasi Nukus shahar Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Ismaylova mazkur ekologik sanalar mohiyati, dolzarbligini ta’kidlab, dunyoda analogi yo‘q, cheklangan, ammo qayta tiklanuvchi resurs, eng muhim hayotiy zaruriyat bo‘lmish suv haqida to‘xtaldi. Ayniqsa, chuchuk suvdek hayotning eng muhim manbasining Yer kurrasidagi tabiiy boyliklar orasida alohida o‘rin egallashi, uning o‘rnini hech narsa bosa olmasligi, qolaversa, keyingi vaqtda chuchuk suv zaxiralari tobora kamayib borayotganligi haqida so‘zladi. BMT ekspertlarining ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzi aholisining taxminan oltidan bir qismi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lish imkoniyatiga, uchdan bir qismi esa – maishiy ehtiyojlar uchun suvdan foydalanish imkoniyatiga ega emas.

Markaziy Osiyo davlatlari aholisining suvga bo‘lgan talabi asosan transchegaraviy daryolar – Amudaryo va Sirdaryo hisobiga qondiriladi. Izlanishlarga qaraganda, 2025 yilga borib iqlim o‘zgarishi, global isish sababli mazkur daryolarni suv bilan ta’minlayotgan muzliklar zaxirasining 15–20 foizga kamayishi kutilmoqda. Tog‘ muzliklari hajmi yiliga 0,2–1 foiz atrofida kamayib borayotgani, tog‘ daryolari havzalarida qor zaxiralari tobora qisqarayotgani fikrimizning isbotidir. Iqlim o‘zgarishi tufayli mintaqamizda yoz fasliga xos davr cho‘ziladi. O‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish me’yori 2030 yilga borib 5 foizga, 2050 yilga borib 7–10 foizga va nihoyat 2080 yilga borib hozirgidan 12–16 foizga oshadi.

Iqlim o‘zgarishi oqibatida ichimlik suv tanqisligining yuzaga kelishi, ichimlik suvini aholi tomonidan tejalmasdan,  isrof qilinishi, ichimlik suvni tegishli korxonalar tomonidan  aholiga yetkazib berishdagi muammolar shular jumlasidandir. Shuningdek, ishtirokchilarga suvning nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’moli, balki “virtual suv” to‘g‘risida hamda “suv izi” tushunchalari haqida ma’lumot berildi.

 

O‘zA