O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Misr Arab Respublikasiga xizmat tashrifi doirasida Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Ayman Ashur bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida tomonlar 2022 yilning oktyabr oyida imzolangan ikki davlat o‘rtasida ilm-fan, tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha Anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida fikr almashdilar.

I.Abdurahmonov yangi tashkil etilgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining vazifalari, maqsadlari va rejalari haqida ma’lumot berib, oliy va professional ta’lim sohasida ham hamkorlikda loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish lozimligini qayd etdi.

Uchrashuvda Misr oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida dars berishlari masalasi bo‘yicha fikr almashildi. Misr tomoni bu taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Tomonlar jurnalistika, turizm hamda aniq fanlar yo‘nalishlarida ta’lim beruvchi misrlik mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilish masalasiga kelishdilar.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda Misr Arab Respublikasi Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri hamkorlikdagi 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi loyihasini muhokama qilib, imzolashga kelishdilar.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasida oliy ta’lim sohasida, xususan, arab tili va arab adabiyoti, islomshunoslik, manbashunoslik, Arab Sharqi mamlakatlari iqtisodiyoti, farmakologiya, qishloq xo‘jaligi, veterinariya va boshqalar yo‘nalishlarda mustahkam aloqalar mavjud bo‘lib kelgan.

Shu bilan birga, yurtimizning qator oliy ta’lim maskanlarida arab tili bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tili instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida jami 4 mingdan ortiq talaba arab tilini alohida ta’lim yo‘nalishi sifatida o‘rganmoqda.

 

O‘zA