Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Dastlab “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

bugungi kunga qadar davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda ko‘rsatilib, ma’muriy va fuqarolik ishlarida nazarda tutilmagan. Yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi joriy etilmagan. Shuningdek, ushbu sohani muvofiqlashtiruvchi yagona organ belgilanmagan.

Shu tufayli bu fuqarolarning, ayniqsa, ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamning Konstitutsiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan to‘liq foydalana olmasligiga hamda korrupsiyaviy omillar paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgan, byudjet mablag‘larining sarflanishi ustidan samarali nazorat o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilayotgan edi.

Ushbu qonun nafaqat yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilganligi bilan, balki inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishi, fuqarolarga sud jarayonlarida ishonchli himoyalanish imkoniyatini yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Senatorlar tomonidan qonunning asosiy jihatlari, xususan, ma’muriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga zararni undirish talabi bo‘yicha ham ma’muriy sudga kiritish huquqini taqdim etish, ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan takroran ijro qilinmaganligi uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash, sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish va boshqa masalalarga e’tibor qaratildi.

Muhokamalarda qayd etilishicha, qonun sud tizimidagi amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini yaratishga hamda fuqarolar manfaatiga va odil sudlovni ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

O‘zA