Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati sohasida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Elchi Tim Torlou va USAIDning mamlakatimizdagi missiyasi direktori Mikayela Meredit tegishli shartnomani imzoladi.
Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasidagi ilk kelishuv bo‘lib, asosan, yurtimizdagi eksport qiluvchi korxonalarga Buyuk Britaniyaning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan savdo sxemasidan yuqori darajada foyda olishiga qaratilgan.
O‘zbekiston Qirollikning imtiyozli savdo sxemasiga birinchilardan bo‘lib qo‘shilgan davlat hisoblanadi. Ushbu tizim asosida yurtimiz mahsulotlarining 91 foizini Buyuk Britaniyaga nol tarif stavkasi bo‘yicha eksport qilish imkoni mavjud.
Ushbu yangi g‘oya ham Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi hududi va boshqa mamlakatlarga qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlari eksportini oshirish imkonini beradi. Loyiha doirasida Samarqand, Buxoro, Namangan, Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud salohiyatni yuzaga chiqarish, o‘quv tadbirlari tashkil etish, jumladan, ayollar uchun kashta naqshini raqamlashtirish bo‘yicha trening o‘tkazish, shuningdek, kashta tikilgan to‘qimachilik mahsulotlarini sotish uchun xaridor topish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, loyiha doirasida mahalliy fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun ekologik xavfsiz kimyoviy yoki biologik preparat va o‘g‘itdan foydalanish, sotuv miqdorini oshirish, yangi eksport bozorlariga chiqish, ishlab chiqarish va hosildan keyingi ishlov berish amaliyotini o‘zlashtirish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va sertifikatsiya bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi. Qolaversa, muzlatilgan, quritilgan meva va sabzavot eksporti ko‘lamini kengaytirish uchun xalqaro sertifikat olishda qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
– Bu loyiha orqali amerikalik do‘stlarimiz, hamkasblarimiz bilan hamkorlikda o‘zbek korxonalari mahsulotini Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga yanada ko‘proq eksport qilishda yordam beramiz, – dedi Tim Torlou. – Sa’y-harakatimiz mamlakatda eksportni rivojlantirish, qishloq joylarda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish orqali aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA