Prezidentimizning 2022 yil 20 iyuldagi “Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi dzyudo federatsiyasi Nukus shahar bo‘limi bilan hamkorlikda 60-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida “Maktabgacha dzyudo” dzyudo to‘garagi tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qarorda dzyudoni aholi o‘rtasida ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, dzyudo infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo zallari sonini ko‘paytirish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarda dzyudoga qiziqish uyg‘otish va jang san’atining ushbu turi bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish vazifasi belgilandi. Orolbo‘yi hududida dastlabkilardan bo‘lib mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida dzyudo to‘garagi ochildi.
– Jajji bolajonlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoiy rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish asosiy vazifamiz hisoblanadi, – deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Venera Uteshova. – To‘garakka qadam tashlagan bolajonlar orasidan kelajakda Osiyo, jahon va Olimpiada chempionlari yetishib chiqadi, degan umiddamiz.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA