“Anadolu” xabar berishicha, Turkiya zilziladan keyingi yordami uchun NATO tarkibidagi hamkorlariga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li payshanba kuni Anqarada NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ishtirokida kechgan qo‘shma matbuot anjumanida gapirdi.
Turkiya diplomatiyasi rahbari qutqaruv guruhlari tegishli manzillarga yetib kelgani, shuningdek, NATO davlatlaridan turli ko‘rinishdagi boshqa yordamlar yuborilganini eslatdi. Chavusho‘g‘li Prezident Rejep Tayyib Erdog‘an bilan uchrashuvdan so‘ng NATO Bosh kotibi falokat hududiga tashrif buyurishini ham aytdi.
Turkiya vaziri Stoltenberg bilan mintaqaviy jarayonni, jumladan, Ukrainadagi vaziyat va g‘alla kelishuvini muhokama qilgan. Bundan tashqari Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga murojaati mavzusiga ham to‘xtalib o‘tilgan.
NATOning Madriddagi sammiti doirasida Turkiya, Finlandiya va Shvetsiya tomonidan imzolangan uch tomonlama memorandum doirasidagi majburiyatlar bajarilishi yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga Chavusho‘g‘li islomga qarshi harakatlar ortidan qo‘llanadigan sanksiya nomaqbulligiga e’tibor qaratdi.
— Antisemitizm va islomofobiya insoniyatga qarshi jinoyatdir, — dedi u. —Bularning bari umuminsoniy me’yorlarga hecham to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar.
Bosh kotib Shvetsiyada yuz bergan islomofobiya ko‘rinishini qoralab, musulmonlar uchun muqaddas kitob – Qur’onni yoqish bilan bog‘liq ig‘voni qoralagan ushbu mamlakat Bosh vaziri munosabatini esga oldi. NATO Turkiya bilan birdamligi, turk xalqi dardiga sherik ekanini ma’lum qildi.
— Bu blogimiz tashkil etilgandan beri eng halokatli va dahshatli ofat, — dedi Stoltenberg. — NATO tarkibidagi barcha mamlakatlarda Turkiyaning jabrlangan aholisi uchun yordam yig‘ish kampaniyasi tashkil etilib, millionlab yevro mablag‘ o‘tkazilmoqda. Bu hamjihatligimiz ramzidir.
Uning qayd etishicha, NATO falokat haqida ma’lumot olgach, darhol Turkiyani faol qo‘llab-quvvatlashga kirishgan.
O‘zA