Turkiyada futbol ishqibozlari mahalliy “Trabzonspor” va “Bazel” (Shveysariya) jamoalari o‘rtasidagi 1/16 final o‘yini oldidan mamlakatning janubiy-sharqiy hududida yuz bergan zilzila oqibatini bartaraf etishda qatnashayotgan mamlakatlar vakillariga o‘ziga xos tarzda minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv boshlanishi oldidan stadionda xorijiy qutqaruvchilarga hurmat belgisi sifatida mamlakatga yordam qo‘lini cho‘zgan davlatlar bayrog‘i, jumladan, O‘zbekiston bayrog‘i tasviri tushirilgan, vayronadan jajji bolajonni olib chiqayotgan xaloskor tasvirlangan banner namoyish etildi.

Aytish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 100 nafardan ziyod qutqaruvchisi, o‘nlab ko‘ngilli insonlar qardoshlarimizga sidqidildan yordam ko‘rsatmoqda.

Uchrashuv “Trabzonspor”ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

T. Ro‘ziyev,

O‘zA