Qutqaruvchilar Xatay viloyatida 12 yashar bolani zilziladan 260 soat o‘tgandan so‘ng vayronalar ostidan olib chiqdi, deb xabar bermoqda TRT Haber telekanali.
“Xatayda bola 260 soat o‘tgandan keyin vayronalar ostidan qutqarib olindi”, – deyiladi telekanal bergan xabarda. Anadolu agentligining ma’lum qilishicha, u Antakiya tumanida qutqarilgan.
6 fevralda Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida birin-ketin ikki marta 7,7 va 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish boshqarmasining ma’lumot berishicha, halokat sababli halok bo‘lganlar soni shu kungacha 38 ming 44 kishini tashkil etgan, jarohat olganlari 108 ming kishiga yetgan.
Zilzila Turkiyaning 10 ta viloyati hamda Suriya hududiga katta talafot yetkazdi. Suriyada zilzila qurbonlari 1,4 mingdan oshgan, qariyb 2,5 ming kishi jarohat olgan.