Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi direktori vazifasini bajaruvchi Jastin Uilyams bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqot avvalida davlatlarimiz o‘rtasida tibbiyot yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari yildan yilga mustahkamlanib borayotgani, birgalikdagi loyihalar yurtimizda mazkur sohani rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan, koronavirus hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, vaksinatsiya, sanitariya-epidemiologiya va yana qator yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.
Masalan, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari bilan birgalikda yurtimizda “Amaliy epidemiologiya bo‘yicha o‘quv dasturining bazaviy darajasi” xalqaro malaka oshirish kursi yo‘lga qo‘yilib, uning doirasida bir guruh tinglovchilar o‘qitildi.
Shuning barobarida, COVID-19ga qarshi emlash dasturi doirasida CDC mutaxassislari ko‘magida 800 nafar oilaviy shifokor, epidemiolog va pediatrlar malaka oshirdi.
Joriy yilda o‘zaro hamkorlik asnosida Amaliy epidemiologiya bo‘yicha o‘quv dasturi (FETP) orqali tibbiyot xodimlarining epidemiologik tekshiruvlar o‘tkazish, ilmiy ma’lumotlarni tahlil qilish va xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi zarur choralar ko‘rish yuzasidan bilim hamda malakalarini oshirish rejalashtirilgan.
Qolaversa, O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi samarali kurash tadbirlari doirasida emlash dasturini kuchaytirish, koronavirus va boshqa yuqumli infeksiyalarning tarqalishini kamaytirish, nafas olish xastaliklarini nazorat qilish tizimini qo‘llab-quvvatlash kabi muhim loyihalar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda, shuningdek o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, jumladan, mamlakatimizda virusli gepatitning V va S turlarini bartaraf etish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish yuzasidan texnik yordam ko‘rsatish, COVID-19ning aylanma shtammlarini aniqlash, Mikroblarga qarshi chidamlilik loyihasini ishga tushirish bo‘yicha ham aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi.
O‘zA