Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini 2023 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Loyihada 7 ta yo‘nalishda 100 ta maqsad va 309 ta bandni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Tadbir davomida dasturga kiritilgan fan-ta’lim, reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, mediatsiya, raqamli mahalla, xotin-qizlar masalalari kabi muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilishda ma’sul Xalq banki vakili tomonidan 2023 yilda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan 13 trln so‘m ajratilgani, shu bilan birga, xotin-qizlar uchun 14 foizli imtiyozli kredit saqlangan holda, kredit miqdori 50 mln so‘mgacha oshirilgani va bu summaning 10 mln.dan 20 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdori naqd pul ko‘rinishida berilishi qo‘zda tutilgani ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, tadbir davomida dastur loyihasi bo‘yicha bir qancha takliflar berib o‘tildi. Xususan, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda psixolog yordamini yanada kengaytirish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro reabilitatsiya markazlari tajribasini o‘rganish, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini, shu jumladan, xotin-qizlarni onlayn o‘qitish kabi takliflar berib o‘tildi.
O‘zA