O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘z missiyasini yakunlayotgan BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, jumladan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan konstruktiv g‘oya va tashabbuslarni ilgari surgan edi. Bu tashabbuslar Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yaxlit dastur tarzida taqdim etildi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvining tashkil topishida asos bo‘ldi.
bugungi kunda mintaqa davlatlari bilan barcha sohalarda, xususan, parlamentlar o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yil 9-10 fevral kunlari Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi ham mintaqa mamlakatlari o‘rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlash va ushbu jarayonda parlamentlarning rolini yanada oshirishga xizmat qilgani aytib o‘tildi.
Uchrashuv davomida Senat Raisi T.Norboyeva Natalya Germanga, uning missiyasi davomida O‘zbekistonning mintaqaviy markaz bilan o‘zaro hamkorligi sezilarli darajada faollashganini, munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
— 2017-2022 yillarda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi bilan yaqin hamkorlikda O‘zbekistonda bir qator muhim xalqaro tashabbus va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Biz do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy xarakterdagi qator dolzarb muammolarni hal etishda markaz jamoasi bilan yaqin va konstruktiv hamkorlikni davom ettiramiz, — dedi Senat Raisi.
O‘z navbatida, Natalya German O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalarini ta’kidlab, aynan O‘zbekistonning yetakchi tashabbuskorligida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik jiddiy faollashayotganini yuksak baholadi. Mintaqada o‘zaro faol hamkorlik va konstruktiv muhokama formatini ilgari surayotgan O‘zbekiston qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi turli masalalarning hal etilishida va mintaqaviy sherikchilik rivojidagi asosiy rolini alohida e’tirof etdi.
Do‘stona va amaliy ruhda kechgan muloqotda xavfsizlik, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, shuningdek, tinchlikni mustahkamlash borasidagi global muammolarni hal etishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zA