Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida bir qator masala hamda qonun loyihalari muhokama qilindi.

Xususan, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlariga to‘xtalib o‘tildi. Deputatlar ushbu tashrif bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, tashrifning samarali kechgani, uning doirasida sanoatni rivojlantirish choralari belgilangani, energetika bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladilar.

Shuningdek, yig‘ilishda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi. Fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, asosiy e’tiborni ta’lim sohasi hamda oila va xotin-qizlar bilan bog‘liq faoliyatga qaratdilar.

Ta’kidlanganidek, hisobot yilida Ombudsmanga ta’lim sohasi bilan bog‘liq 407 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 133 tasi Ombudsman nazoratiga olingan. E’tiborlisi, yoshlarni ta’lim olish huquqining kafolatlanishi borasida Ombudsman tomonidan tegishli davlat organlariga fuqarolar manfaatini ko‘zlab murojaat qilish natijasida 2 nafar fuqaroga oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinishida ko‘maklashilgan.

Shuningdek, o‘tgan davrda oila huquqi yo‘nalishida 683 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 327 tasi parlament nazorati sub’ekti sifatida o‘rganib chiqilgan. Ushbu murojaatlarning 98 tasi ayollar huquqlarining cheklanishi va oilada ayolning tahqirlanishi bilan bog‘liq. Aliment pullarining undirilishi masalasida esa 316 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar natijasida xotin-qizlarning 9 nafariga «himoya orderi» berilishida ko‘maklashildi. Ombudsman so‘roviga asosan 45,5 million so‘mlik aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda yana bir qator qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA