Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish uchun elektron platforma ishga tushirildi. HRM.ARGOS.UZ dasturi davlatimiz rahbarining tegishli qarori hamda “Raqamli davlat fuqarolik xizmati” konsepsiyasi doirasida inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirish maqsadida ishlab chiqildi.

Endilikda kadrlarga oid ish yurituv hujjatlari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilinadi va yuritiladi.

Platforma Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz hamda Yagona milliy mehnat tizimi — my.mehnat.uz elektron dasturlari bilan integrallashgan. Xodimlar va mehnatga doir ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllanadi. Elektron tizim 2023 yil 1 yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, mahalliy hokimliklarda joriy etilmoqda.

Ma’lumot uchun, o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra 70-80 nafar xodim faoliyat yuritadigan bitta tashkilot kadrlar bo‘linmasi 1 oyda o‘rta hisobda 3-4 o‘ram qog‘oz ishlatadi, bu 1 yilda 48 o‘ram yoki 200-250 kilogrammgacha qog‘oz degani. Barcha vazirlik va idoralar, ularning quyi tizimlari hamda mahalliy hokimliklarni hisobga olganda, bir necha tonna qog‘oz sarflanayotganini anglatadi. Ya’ni kadrlar bo‘linmalari umumiy mehnat vaqtining 45 foizi ortiqcha qog‘ozbozlik va turli byurokratik yuklamalardan iborat bo‘lgan.

Joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan dastur bularning barchasini o‘zida aks ettirgan bo‘lib, elektron hujjat almashinuvi tamoyili asosida ishlaydi. Bu bilan, kadrlar bo‘linmalarining ortiqcha qog‘ozbozlik va turli byurokratik yuklamalariga chek qo‘yilmoqda.

Platforma orqali vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlar to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi. Tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona elektron bazaga jamlangan holda axborot to‘planadi va unga ishlov beriladi.

Xodimlar davomati va ish vaqti hisobi tabeli, shuningdek, xizmat safari, mehnat ta’tili, mehnatga layoqatsizlik davri elektron shaklda qayd etib boriladi. Xodimlarning ish faoliyati samaradorligi avtomatik baholab boriladi. Kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivi yuritiladi.

bugungi kunda dasturga 4 mingga yaqin tashkilotlar ulangan.

 O‘zA