Turkiyaning Adiyaman shahrida zilzila paytida Famagusta shahrining Kipr turklari voleybol jamoasidan 34 kishi halok bo‘lgan, deb yozmoqda Kiprda chiqadigan “Katimerini” gazetasi.

Halok bo‘lganlarning jasadlari shahardagi mehmonxona vayronalari ostidan topilgan, jamoaning yana bir a’zosini qidirish davom etmoqda, deyiladi xabarda.  

Turkiyadagi zilzila oqibatida qurbon bo‘lgan Kipr turklari jami 47 kishiga yetdi, deb yozmoqda gazeta.

6 fevralda Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida birin-ketin ikki marta 7,7 va 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halokat sababli Turkiyada qurbon bo‘lganlar soni 29 ming 605 kishiga yetgan. Zilzila Turkiyaning 10 ta viloyati hamda Suriya hududiga katta talofat yetkazdi.