“Yoshlar press klubi”da O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borayotgan yosh xotin-qizlarning malakasini oshirishga qaratilgan “PhD sari qadam” loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Iqtidorli va ilmiy tadqiqot ishlari bilan yuqori natijalarga erishayotgan xotin-qizlar faoliyatini rivojlantirish hamda ularning faoliyat jarayonida egallagan bilim, ko‘nikma, malakalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda respublikamizdagi 100 nafarga yaqin ilmiy tadqiqotchi ishtirok etdi.

Tadbirda bugungi kunda ta’lim jarayonini muvaffaqiyatli modernizatsiyalash natijasida ilm-fan rivojiga hissa qo‘shayotgan yosh xotin-qizlarimiz yanada ko‘pchilikni tashkil qilayotgani, ilm-fanni rivojlanishi, yangi ilmiy-innovatsion dunyoqarash asosida fanga yangiliklarni olib kirilishi ham bevosita yaratilgan bugungi kun imkoniyatlarining natijasi ekanligi xususida so‘z yuritildi.

Tadbirda mahalliy va xorijiy tadqiqotchi olimlarning ilmiy tadqiqot ishlari hamda ular talqinidagi xorijiy tajribalarning o‘rni hususida ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Yakunda mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar tizimli ravishda doimiy tashkil etib borilishi ta’kidlandi.

 

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA