Niderlandiyada 16 kun davom etgan “Tata Steel Chess” xalqaro turniri poyoniga yetdi.

Bugun, 29 yanvar xalqaro turnirning “Masters” va “Chellenjer” guruhlaridagi g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi.

Shiddatli o‘tgan bahslarning 12-turiga qadar biron marta mag‘lubiyatga uchramasdan “Masters” guruhida yetakchilik qilib kelgan Nodirbek Abdusattorov so‘nggi 13-turda niderlandiyalik Jorden van Forestga qarshi bahs yuritdi.

Uchrashuv avvalidan Nodirbek faqat g‘alaba uchun harakat qildi. Shu jihatdan, ayrim vaziyatlarda kichik yo‘qotishlarga yo‘liqdi. “Muvaffaqiyat qurbonliklarni talab etadi” aqidasiga amal qildi. Klassik shaxmat bahsida ilk bor Abdusattorovga ro‘baro‘ kelgan niderlandiyalik shaxmatchi Nodirbekning “siylovidan” unumli foydalandi. Alaloqibat 5 soat atrofida davom etgan shiddatli bahsda Jorden van Forest o‘z uyida yutuqqa erishdi. Ammo, ushbu ko‘rsatkich niderlandiyalik shaxmatchini sovrindorlar safidan joy olishiga yetarli bo‘lmadi. U xalqaro turnirni 6 ochko bilan 10-o‘rinda yakunladi.

Aytish lozim, turnirning ilk turlaridan peshqadamlikni qo‘ldan bermasdan kelgan hamyurtimiz g‘oliblikka bir qadam qolganda “Tata Steel Chess” turnirida 2-o‘rindan joy olishi yosh va iste’dodli shaxmatchimizninggina emas, O‘zbekiston shaxmatining tarixiy natijasi bo‘ldi. Boisi, 85 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro musobaqada O‘zbek shaxmatchilarining ilk ishtiroki sifatida yodda qoladigan bo‘ldi.

Nodirbekning shaxmat olamida katta nufuzga ega turnirda ilk bor qatnashib, dunyoning eng kuchli 14 nafar grossmeysteri orasida 2-o‘rinni egallashi Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingidagi 33-o‘rindan 17-o‘ringa ko‘tarilib olishini ta’minladi.

“Masters” guruhidagi 13-turdagi g‘alabasi evaziga, 8,5 ochko jamg‘arishga erishgan Anish Giri xalqaro turnirning g‘olibiga aylandi. Niderlandiya sharafini himoya qilayotgan ushbu shaxmatchi mazkur turda vengriyalik Richard Rapportni dog‘da qoldirdi. Nodirbek 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, hamyurtimizdan “Tata Steel Chess” turnirining 5-turida mag‘lubiyatga uchragan Magnus Karlsen 3-o‘rinni egalladi.

“Chellenjer” guruhida munosib o‘yin namoyish etgan Javohir Sindorov so‘nggi turda norvegiyalik Tomas Berdsenga qarshi dona surdi. Hamyurtimizning katta ustunligida o‘tgan o‘yinda Sindorov g‘alaba qozondi va ochkolari sonini 8,5 taga yetkazib oldi.

Mazkur guruhda 10 ochko jamg‘argan Aleksandr Donchenko g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, 2-o‘rinni 9 ochkoga ega turkiyalik Mustafa Yilmaz, 3-o‘rin esa 8,5 ochkoni qo‘lga kiritgan Javohir Sindorovga nasib etdi.


To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA