Tailand poytaxti Bangkok shahrida 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 21 ta medallar shodasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
E’tiborlisi, qit’aning 20 tadan ziyod davlat vakillari ishtirok etgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasining 24 nafar a’zosi qatnashib, ularning 21 nafari g‘olib va sovrindorlar safidan joy olishdi.
Kutib olish tantanalarida ishtirok etgan Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sakent Polatov, Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutaxassislari, Oliy sport mahorati maktabi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, yaqinlari ushbu g‘alabani qo‘lga kiritilishida davlatimiz tomonidan sportchilarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar muhim omil bo‘lganini ta’kidlashdi.
Chempionatda bokschi yigitlarimiz 9 ta oltin, 1 tadan kumush-bronza, qizlarimiz 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallariga musharraf bo‘lib, har ikki yo‘nalishda vakillarimiz umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, musobaqa tashkiliy qo‘mitasi xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nurislom Ismoilov musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb topilganligi yurtimiz iqtidorlarga boy mamlakat ekanligini ko‘rsatdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA