Portugaliyada velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan “Troferu International De Pista Sunlive” xalqaro musobaqasida o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Turnirda O‘zbekistonning “Tashkent city Professional Women Cycling Team” jamoasi 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Hamyurtimiz Margarita Misyurina omnium yo‘nalishida kechgan poygada ikkinchi natijani qayd etdi.

Mazkur dasturda gretsiyalik Argiro Milaki g‘alabani tantana qilgan bo‘lsa, kuchli uchlikni ispaniyalik Izabel Navarro yakunlab bergan. Misyurina ushbu muvaffaqiyati evaziga jahon reytingi uchun muhim bo‘lgan 90 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Nafosat Qo‘ziyeva bilan juftlikda ishtirok etgan Misyurina medison dasturida ispaniyalik sportchilardan keyingi o‘rinni egalladi. Avstriya jamoasi vakillari esa uchinchi o‘rindan joy olishdi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

O‘zA