Bugun, 26 yanvar kuni chempionatning o‘g‘il bolalar ishtirokidagi so‘nggi final janglari tashkil etildi.
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar a’zosi oltin medallar uchun kechgan bahslarda ishtirok etdi.
Quvonarlisi, o‘tkazilgan bahslar natijasiga ko‘ra, hamyurtlarimizning 9 nafari oltin, 1 nafari kumush hamda 1 nafari bronza medallariga musharraf bo‘ldi.
Chempionatning 48 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Shodiyorjon Meliqo‘ziyev finalda qozog‘istonlik Sanjar Tashkenbay bilan ro‘baro‘ keldi. Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda hakamlar qarori bilan g‘oliblik qozog‘istonlik bokschiga taqdim etildi. Jangning teng holatda o‘tganligi hakamlar tomonidan berilgan 29:28, 29:28, 28:28, 29:28 va 29:28 ballarida ham o‘z aksini topdi.
Aynan Meliqo‘ziyevning yagona kumush medalli bo‘lganidan keyin o‘tkazilgan 9 ta final jangining barchasida vakillarimiz g‘alaba qozonib, qit’aning tengsiz jamoasi ekanligini yana bir karra isbotladi.
Jumladan, 60 kiloda Dilshod Abdumurodov tailandlik Putanet Rodsukni, 63,5 kiloda Shahboz Yunusaliyev mug‘ulistonlik Tulga Oyunbaatarni, 67 kiloda Bekzod Hamidov qozog‘istonlik Abzal Serikni, 71 kiloda Nurislom Ismoilov qozog‘istonlik Sabirjan Akkalikovni, 75 kiloda A’loxon Abdullayev qozog‘istonlik Dias Moljigitovni, 80 kiloda Jasurbek Yo‘ldoshev xitoylik Xalimulati Riyemanduni, 86 kiloda Shohjahon Abdullayev indoneziyalik Roberrd Muskitani, 92 kilogrammda Nusrat Tohirov Kambodja sharafini himoya qilgan hamyurtimiz Abdulla Rajabovni va +92 kiloda Jahongir Zokirov xitoylik Aijaxair Tuongongdajini mag‘lub etib, qit’a chempioni maqomiga erishdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, kecha qizlar o‘rtasida yakunlangan final janglari sarhisobiga binoan, vakilalarimizning 5 nafari oltin, 3 nafari kumush va 2 nafari bronza medaliga ega chiqishi va bugun o‘g‘il bolalarning 9 nafari oltin, 1 nafari kumush, yarim final janglar yakuniga ko‘ra, 1 nafari bronzali bo‘lishi, umumiy medallarimiz soni 21 taga yetganligi yurtimizda iste’dodli yosh bokschilar avlodi kamolga yetib kelayotganligini ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionati final janglarida mamlakatimizning 10 nafar, Qozog‘istonning 6, Tailandning 3, Xitoy va Filippinning 2, Kambodja, Indoneziya, Mo‘g‘uliston davlatlarining 1 nafardan vakillari qatnashdi. Musobaqalarda umumiy hisobda 20 ta mamlakatning 150 nafarga yaqin bokschilari ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli musobaqada umum jamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan bokschilarimiz 28 yanvar kuni Toshkentga qaytib kelishadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA