Tailand poytaxti Bangkok shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan U 22 Osiyo chempionatining qizlar bahsida kecha 22 yanvar kuni yarim final janglari o‘tkazildi.
Shiddatli janglarda ishtirok etgan 8 nafar bokschi qizimizdan 6 nafari g‘alabaga erishib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2 nafari bronza medallari bilan kifoyalandi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Aziza Zokirova va Sohiba Ro‘zmetova ikki kun muqaddam final yo‘llanmasini naqd etgan bo‘lsa, ular safiga endi Farzona Fozilova, Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova, Nigina O‘ktamova, Navbahor Hamidova va Sitora Turdibekova qo‘shildi. Sahobat Husanova va Ziyoda Yarashova bronza medali bilan kifoyalandi.
Bugun, 23 yanvar kuni o‘g‘il bolalar o‘rtasida yarim final janglari bo‘lib o‘tadi.
Unda hamyurtlarimizdan o‘z vaznlarida Shodiyor Meliqo‘ziyev filippinlik Lester Durens, Muhammadqodir Mamirjonov tailandlik Tanarat Sayengpet, Dilshod Abdumurodov indoneziyalik Fido Rafael, Shahboz Yunusaliyev qirg‘izistonlik Askat Kultayev, Bekzod Hamidov qirg‘izistonlik Ixtiyor Nishonov, Nurislom Ismoilov qirg‘izistonlik Nuradin Rustambek Uulu, A’loxon Abdullayev tojikistonlik Abdumalik Boltayev, Shohjahon Abdullayev qirg‘izistonlik Nursultan Bolotbayev, Nusrat Tohirov qozog‘istonlik Yerxat Bekzat hamda Jahongir Zokirov qozog‘istonlik Amanat Sabirgali bilan ro‘baro‘ keladi.
Qizlar o‘rtasida 25 yanvar kuni o‘tadigan final janglarida mamlakatimizning 8 nafar bokschi qizi oltin medallar uchun bahs olib boradi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final janglari esa 26 yanvar kuni tashkil etiladi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA