O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2022-yil 18-mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, OIV infeksiyasini profilaktika qilish, unga tashxis qoʻyish va davolash sifatini yanada oshirish, aholi orasida OIV infeksiyasini aniqlash boʻyicha tekshiruvlar qamrovini oshirish, bemorlarga sifatli tibbiy va ruhiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish, ularni zarur dori vositalari bilan toʻliq taʼminlash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida:

1. Aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023-2027-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030-yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun “95-95-95” strategiyasi ilgari surilganligi va uning doirasida OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi oʻz maqomini bilishlari, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishi, 95 foizining qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishi kerakligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Mazkur strategiyaga muvofiq tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-2027-yillarda Davlat byudjeti mablagʻlari, OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish boʻyicha Global jamgʻarma mablagʻlari, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarz mablagʻlari hisobidan aholi oʻrtasida OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida test-tizimlari va retrovirusga qarshi vositalarni xarid qilish, OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, mutaxassislarning bilim va koʻnikmalarini oshirish, keng targʻibot ishlarini oʻtkazish, shuningdek, boshqa tashkiliy tadbirlar uchun 120 milliard soʻm va 54 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

2. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov):

a) 2027-yilda:

OIV infeksiyasini yuqtirib olgan hamda oʻz maqomini bilgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar koʻrsatkichi 95 foizga yetkazilishini;

OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berilishini taʼminlasin;

b) nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi boʻyicha majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonini elektron tizim orqali amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Adliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023-yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali FHDYO organlari va tegishli tibbiyot muassasalari oʻrtasida elektron hamkorlikni tashkil qilsin;

v) 2023-yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini taʼminlash, real vaqt rejimida preparatlar va diagnostikumlarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimini yaratsin hamda ushbu tizimni Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasining elektron bazalari bilan integratsiya qilish orqali oʻzaro axborot almashinuvini yoʻlga qoʻysin;

g) ikki oy muddatda Ichki ishlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarni ijtimoiy, huquqiy, maʼnaviy va tibbiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, yoshlar orasida OIV infeksiyasi tarqalishi masalalarida keng tushuntirish va tarbiyaviy ishlar olib borish, jamiyatda oilaviy va maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga doir idoralararo chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda hududlar kesimida 2023-yilga moʻljallangan OIVga qarshi kurashish tizimini kuchaytirishga doir “yoʻl xaritalari”ning amalga oshirilishini, 2024-2026-yillarda tegishli davrga moʻljallangan “yoʻl xaritalari”ning ishlab chiqilishini taʼminlasin.

4. Vazirlar Mahkamasi har yarim yilda Dasturda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish holatini tanqidiy muhokama qilsin hamda oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga nisbatan tegishli choralarni koʻrsin.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda Dasturning amalga oshirilishi uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

6. Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda Dasturda belgilangan OIV infeksiyasiga doir dolzarb masalalar boʻyicha maqolalar, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar orqali aholi orasida OIV infeksiyasiga qarshi kurashishning ahamiyati muntazam va keng yoritilishini taʼminlasin.

7. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                                                                              Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2023-yil 20-yanvar