O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublikada aholi salomatligini muhofaza qilish va tuberkulyoz infeksiyasidan himoyalash, tuberkulyoz va o‘pkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishining oldini olish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 fevraldagi “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4191-son qaroriga muvofiq quyidagi ishlar amalga oshirildi:
2021 yilga kelib tuberkulyozdan kasallanish ko‘rsatkichi 100 ming aholiga nisbatan 35,2 tani, o‘lim ko‘rsatkichi esa 1 tani tashkil qilib, 2019 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan mos ravishda 9,3 va 16,6 фоизga kamaydi;
tizimdagi multidissiplinar guruhlar tomonidan ko‘rsatilgan ruhiy-ijtimoiy yordam natijasida davolash muddatlariga rioya etmagan bemorlar soni 2 baрavaрga kamaydi;
xavfli guruhga kiruvchi 12 ming shaxslarda tuberkulyozning latent shakli aniqlangan va profilaktik davo bilan to‘la qamrab olindi;
80 ta tumandagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida zamonaviy tezkor molekulyar-genetik tashxislash usuli amaliyotga tatbiq etildi.
Shu bilan birga, tuberkulyoz va o‘pka nospetsifik kasalliklarining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish hamda 2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1.Belgilansinki, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) ftiziatriya va pulmonologiya kasalliklarini profilaktika qilish, tashxislash, davolash hamda mazkur sohalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha respublikada bosh muassasa hisoblanadi.
2.Quyidagilar tuberkulyoz va o‘pka nospetsifik kasalliklarining oldini olish, ularni skrining qilish va erta aniqlash, davolash hamda tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sog‘liqni saqlash muassasalarida ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya tizimlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish va modernizatsiya qilish;
ftiziatriya va pulmonologiya yo‘nalishida viloyat (respublika), tuman (shahar) hududiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida tizimli uzviy bog‘liqlikni hamda uslubiy vertikal boshqaruvni ta’minlash;
tuman (shahar) ftiziatriya muassasalari qoshida mavjud shifo o‘rinlari va shtat birliklari doirasida kunduzgi statsionarlarni tashkil etish orqali aholiga malakali ftiziatriya va pulmonologik tibbiy yordam ko‘rsatish hajmini oshirish hamda respublika ftiziatriya reabilitatsiya markazlarida o‘pka nospetsifik kasalliklarining shifoxonadan keyingi davrdagi kuzatuvini tashkillashtirish;
tuberkulyoz va o‘pka nospetsifik kasalliklari bo‘yicha epidemik vaziyatni muntazam tahlil qilish, monitoringini olib borish, kasalliklar tarqalish tendensiyalarini prognozlash, takliflar shakllantirish hamda bemorlarning milliy elektron reyestrini yuritish;
tuberkulyoz va o‘pkaning nospetsifik kasalliklari oldini olish, tashxislash va davolashga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar hamda ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha ekspert taqrizini berish;
o‘pka patologiyasining klinikoldi belgilarini erta aniqlash uchun yillik tibbiy ko‘rik doirasida skrining dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish;
tashxislash va davolashning yuqori texnologiyali usullarini amaliyotga joriy etish orqali Markazda va hududlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ulushini oshirish;
raqamli texnologiyalar yordamida bemorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ambulator davolashning videonazorat usulini kengaytirish;
ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar qoshida “Astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklari maktabi”ni tashkil etish orqali o‘pkaning nospetsifik kasalliklariga chalingan bemorlar hayoti sifatini yaxshilash va ularni kasallik zo‘rayishining oldini olishga o‘rgatish;
hududiy ftiziatriya va pulmonologiya markazlari huzurida mavjud shifo o‘rinlari va shtat birliklari doirasida masofaviy o‘qitish va monitoring qilish innovatsion мaркaзлaриni tashkil etish.
3. 2023-2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4.Sog‘liqni saqlash vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi ftiziatriya va pulmonologiya tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflariga rozilik berilsin:
a) sohada yaxlit vertikal tizimning tuman bo‘g‘inini yaratish maqsadida tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar tarkibidagi ftiziatriya bo‘limlari va xonalari negizida mavjud ftiziatr va pulmonolog shtat birliklari doirasida ftiziopulmonologiya bo‘limlarini tashkil etish;
b) viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida faoliyat yuritadigan bosh pulmonolog shtatlarini shifo o‘rni fondi qoldirilgan holda hududdagi ftiziatriya va pulmonologiya markazlariga o‘tkazish.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda 2023 yil 1 iyulga qadar ftiziatriya kasalligining xususiyatlarini hamda ftiziatriya va pulmonologiya tizimlarini takomillashtirish jarayonlarini inobatga olgan holda barcha bo‘g‘inlarda yangilangan shtat me’yorlarini tasdiqlasin.
Markazga ftiziatriya va pulmonologiya sohasida faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalari, shu jumladan, ularning bo‘linmalari ish hajmi va mavjud ehtiyojidan kelib chiqqan holda shifo o‘rinlarini qayta taqsimlash bo‘yicha asoslangan takliflarni Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritish vakolati berilsin;
v) tungi uyqu sifati va nafas olish funksiyasi buzilishlarini tashxislash va davolash maqsadida hududiy ftiziatriya va pulmonologiya markazlariga ajratilgan shtat birliklari va mablag‘lar doirasida “Uyqu apnoe” markazlarini tashkil qilish.
5.Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq, 2023 yildan boshlab har yili:
a) quyidagilar:
latent tuberkulyoz infeksiyasiga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha;
latent tuberkulyoz infeksiyasiga chalingan shaxslarni davolash qamrovi 21 ming nafargacha;
tuberkulyoz mikobakteriyasini bir vaqtning o‘zida 1- va 2-qator tuberkulyozga qarshi dori vositalariga rezistentlikni aniqlaydigan tezkor gen-molekulyar tashxislash qamrovi 120 ming nafargacha;
tuberkulyoz bilan kasallangan 18 ming nafargacha bemorlarni dori vositalari bilan ta’minlash, shu jumladan:
1-qator (doriga sezuvchan tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) bo‘yicha – 15 ming nafargacha;
2- va 3-qatorlar (doriga rezistent tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) bo‘yicha – 3 ming nafargacha yetkaziladi;
b) 2023 yil 1 martga qadar tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholi orasidan tuberkulyoz bilan kasallanishga moyilligi bo‘lgan xavf guruhiga mansub shaxslar ro‘yxati tuziladi;
v) tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi mutaxassislari tomonidan tuberkulyoz bilan kasallanish xavf guruhiga mansub:
shaxslar (o‘smirlar va kattalar) rentgenologik tekshiruvdan;
bolalar immunologik tekshiruvdan o‘tkaziladi;
g) jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish muassasalari va qorovul qo‘shinlarining xodimlarida latent tuberkulyoz infeksiyasini erta aniqlash maqsadida yillik profilaktik tibbiy ko‘riklar doirasida tegishli skrining tadbirlari o‘tkaziladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda latent tuberkulyoz infeksiyali shaxslarda diagnostika jarayonini tubdan yaxshilash uchun ikki oy muddatda xavf guruhlarini skrining qilish uchun test-diagnostikumlarini xarid qilish hamda 2023 yildan boshlab skrining qilishning yillik grafigini tasdiqlashni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov):
2023 yil 1 martga qadar sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga ajratilgan mablag‘lar hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi muassisligidagi “IT-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Ftiziatriya kasalliklarining yagona elektron reyestri (keyingi o‘rinlarda – Reyestr) ishlab chiqilishini, shuningdek, kelgusida uning texnik va dasturiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlasin;
2023 yil 1 iyulga qadar Markazda Reyestr yuritilishini, uning tizimidagi hududiy bo‘linmalar hamda respublika, viloyat va tuman (shahar) darajasida ftiziatriya sohasida faoliyat yuritayotgan davlat muassasalari, shu jumladan, ularning bo‘linmalarida Reyestr joriy qilinishini va o‘zaro integratsiyasini yo‘lga qo‘ysin.
7. “O‘pka salomatligi” mobil brigadasi doirasida hududlardagi olis, chekka, ekologik jihatdan noqulay hududlarda yashovchi aholiga bepul tibbiy ko‘rik doirasida skrining tadbirlari o‘tkazilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi “O‘zavtosanoat” AJ bilan birgalikda “Isuzu” mikroavtobusi bazasida olis, chekka va tog‘li hududlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasining texnik parametrlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8.Markazning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
mamlakatimizda tuberkulyoz kasalligini davolash maktabini yaratishga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olgan holda Markazda akademik Shokir Alimov nomini tiklash;
Markaz huzurida mavjud shifo o‘rinlari va shtat birliklari doirasida respirator kasalliklar bo‘yicha zamonaviy yo‘nalishlarni hisobga olgan holda fundamental va amaliy innovatsion tadqiqotlarni o‘zida mujassamlashtirgan Shokir Alimov nomidagi ilmiy maktab tashkil etish;
Markaz tarkibida Milliy referens laboratoriya tashkil etish. Bunda belgilansinki, Milliy referens laboratoriyani qurish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, jihozlash bilan bog‘liq xarajatlar esa xorijiy grant mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
Markazning va homiylik mablag‘lari hisobidan mahalliy va chet ellik mikrobiologik laboratoriya mutaxassislari uchun ilmiy-amaliy trening markazi faoliyatini yo‘lga quyish;
Markazga, hududlardagi ftiziatriya va pulmonologiya markazlariga hamda kattalar uchun mo‘ljallangan sihatgohlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketiga kiritilmagan tibbiy xizmatlarni pullik asosda ko‘rsatish.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) bilan birgalikda 2023 yil yakuniga qadar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan pulmonologiya yordamining kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini tasdiqlasin.
9. Belgilansinki, 2023 yil fevraldan boshlab Markaz faoliyatida aralash moliyalashtirish shakli joriy etiladi. Bunda:
Markaz tarkibidagi laboratoriya hamda Tuberkulyoz strategiyasini aniqlash, epidemiologiya, monitoring va dorilar menejmenti bo‘limini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar smeta asosida Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan byudjet mablag‘lari doirasida moliyalashtiriladi;
Markaz tomonidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga yo‘llanma asosida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sarf-xarajatlari bazaviy narxlar doirasida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali belgilangan tartibda qoplab beriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda biroy muddatda qolgan respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini o‘rganib chiqib, ulardagi faoliyati bevosita bemorlar bilan bog‘lanmagan bo‘linmalar xarajatlarini moliyalashtirish bo‘yicha taklif kiritsin.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mazkur qaror qabul qilingunga qadar Markazning xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni amalga oshirish hamda saqlash xarajatlarini qoplash hisobiga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi oldida hosil bo‘lgan qarzdorligini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
11. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi aholisiga ftiziatriya va pulmonologiya yordamini ko‘rsatish tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;
2024-2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi muassasalarni qayta ta’mirlash dasturi 3-ilovaga muvofiq;
Ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi muassasalarni zamonaviy tashxislash, davolash va reanimatsiya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;
2023-2025 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi sihatgohlarni zamonaviy reabilitatsiya, davolash va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;
2023-2024 yillarda “O‘pka salomatligi” mobil brigadalarini jihozlash uchun uskunalar ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda Germaniya taraqqiyot banki tomonidan mazkur qarorga 4-ilovaga muvofiq Markazga ajratilayotgan grant mablag‘larini jalb qilishda ko‘maklashsin.
12.Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda har yili tuberkulyoz va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklari oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ushbu qarorda nazarda tutilgan immunodiagnostika, tuberkulyozga qarshi dori vositalari, laboratoriya reagentlari xaridi uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
13.Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov):
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan byudjet mablag‘lari doirasida Markazning bino-inshootlarini kapital ta’mirlash hamda tibbiy uskunalarini sozlash;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejalarining bajarilishi uchun xalqaro moliya institutlarining sohaga tegishli grantlarini jalb qilish;
Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tanlov asosida saralab olingan 40 nafargacha ftiziatr va pulmonologlarni 2023-2026 yillar davomida nufuzli xorijiy tibbiyot markazlarida malaka oshirishga yuborish choralarini ko‘rsin.
14.Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tuberkulyoz va o‘pkaning nospetsifik kasalliklari oldini olish, tashxislash va davolashga qaratilgan ilmiy ishlar dissertatsiya himoyasigacha Markazning tegishli mavzudagi taqrizi olinishini ta’minlansin.
15. Innovatsion rivojlanish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Markaz ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun davlat buyurtmasini shakllantirishda tuberkulyoz va o‘pkaning nospetsifik kasalliklari oldini olish, tashxislash va davolashga qaratilgan loyihalar tanlovini e’lon qilsin.
16.O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bir oy muddatda 2023 yilga mo‘ljallangan tuberkulyoz va o‘pkaning nospetsifik kasalliklarini profilaktika qilish, tashxis qo‘yish, davolash hamda reabilitatsiya jarayonlariga nisbatan jamoatchilikda ijobiy fikrni shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga qaratilgan maqolalar e’lon qilish, tematik teleko‘rsatuvlar namoyish etish bo‘yicha media-reja qabul qilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
18.Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 20 yanvar