2023 yil mamlakatimizda bir qator xalqaro sport musobaqalar o‘tkaziladiki, ular orasida joriy yilning 16-17 sentabr kunlari Samarqandda triatlon bo‘yicha o‘tadigan “Challenge Samarkand” sport festivali alohida o‘rin tutadi.

Aytish lozim, “Challenge Samarkand“ bu – 30 dan ziyod rivojlangan davlatlarda 50 mingdan ortiq ishtirokchilarni qamrab oladigan tizimli tarzda o‘tkaziladigan “Challenge Family” xalqaro brendiga ega nufuzli sport musobaqalarning bir qismi bo‘lgan triatlon poygasi hisoblanadi.

Bugun, 17 yanvar kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida mazkur nufuzli sport tadbiriga tayyorgarlikning borishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda ishtirok etgan Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Farrux Nosirov, federatsiya bosh kotibi Yelena Kun musobaqaning ahamiyati haqida so‘zlab berishdi.

Matbuot anjumanida “Challenge Family” bosh direktori Jort Vlam (Niderlandiya) onlayn tarzda qatnashdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, “Challenge Samarkand“ musobaqasi Markaziy Osiyodagi ”Challenge Family” brendi ostidagi birinchi va yagona triatlon poygasi sanaladi.

Ushbu sport festivalida professionallar, havaskorlar, ayollar, bolalar, har qanday tayyorgarlik darajasiga ega bo‘lgan har bir kishi qatnashishi mumkin bo‘ladi.

Mutasaddilar jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida “Challenge Samarkand«da ishtirokchilarni onlayn ro‘yxatga olish bugundan boshlanganligini va joriy yil avgust oyigacha davom etishini, ishtirokchilar 2000 nafar atrofida bo‘lishi kutilayotganligini bildirib o‘tishdi.

Matbuot anjumanida onlayn tarzda ishtirok etgan “Challenge Family” bosh direktori Jort Vlam Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sport musobaqasining aynan Samarqandda o‘tkazilishi tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan qadimiy va hamisha navqiron shahar nafaqat dunyo madaniyatining, balki xalqaro sport musobaqalarining ham markazi bo‘lishga har jihatdan haqlidir.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA