Ummon sultonligi poytaxti Maskatda stol tennisi bo‘yicha faxriylar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida ishtirok etayotgan mamlakatimiz vakilasi Natalya Ovasapova yakkalik va juftlik musobaqalarining saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, asosoy turda qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Jahon chempionati musobaqalari bir necha yosh toifalari o‘rtasida tashkil etilayotgan bo‘lib, unda 50 nafardan ziyod faxriy jahon chempionlari, olimpiya va qit’a o‘yinlari sovrindorlari qatorida xalqaro turnirlarning g‘oliblari qatnashmoqda. Umumiy ishtirokchilar soni 1600 nafarni tashkil etgan.

Kecha, 16 yanvar kuni yakkalik va juftlik yo‘nalishlarida ilk saralash musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

E’tiborlisi, nufuzli musobaqada yurtimizning yagona vakilasi Natalya Ovasapova ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, munosib o‘yin uslubi bilan raqiblarini qiyin vaziyatlarga duchor etmoqda.

Hamyurtimiz 50 yoshdan yuqori bo‘lgan ishtirokchilar orasidagi saralashning 5-guruhidagi dastlabki bahslarida Isroil va AQSH vakilalari bo‘lgan kuchli sportchilarni mag‘lubiyatga uchratgan holda asosiy turga yo‘l oldi. Shuningdek, hamyurtimiz ukrainalik Natalya Svyadnyatska bilan juftlikda ham munosib natija qayd etmoqda.

Bugun hamyurtimiz yakkalikda yaponiyalik mahoratli raketka ustasi Natsuko Taniguti bilan kuch sinashadi.

Chempionat 21 yanvarga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA