Bugun, 17 yanvar kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Ze shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha nufuzli xalqaro turnirning “Masters” va “Chellenjer” musobaqalarida 4-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Kuchlilar o‘rtasidagi “Masters” turnirida mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Nodirbek Abdusattorov bugun oq donalarda eronlik Parxam Magsudluga qarshi bahs yuritadi.

“Chellenjer” guruhida qatnashayotgan Javohir Sindorov esa hindistonlik Adhiban bilan kuch sinashadi.

Kecha o‘tgan 3-tur uchrashuvida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Gukesh bilan murosa yo‘lini tanladi.

Javohir Sindorov esa oq donalarda boshqa bir hindistonlik grossmeyster Rameshbabu Vayshalini mag‘lubiyatga uchratdi.

Har ikki iste’dodli shaxmatchimiz 4-tur oldidan 1 g‘alaba va 2 durangga ega bo‘lgan holda peshqadamlar safida bormoqda.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA