Xabar berganimizdek, Italiyaning Udine shahrida qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon kubogida 58 ta davlatning 800 nafardan ortiq sportchilari orasida mamlakatimiz vakillari ham bahs olib bordi.
Xalqaro musobaqada birinchi marta qatnashgan sportchilarimizdan Meyirxon Timurov va Mirzoulug‘bek Mo‘minov yakkalik shpaga bellashuvlarida 252 nafar ishtirokchi orasida 27 va 43-qatorlardan joy olishi, shuningdek, o‘z yo‘nalishlarida 200 nafar atrofidagi qatnashchilar ichida Dilnoza Murtozayeva, Maftuna Davronova, Muhammadyusuf Asranov, Radmir Semeyenov kabi yosh qilichbozlarimiz kuchli o‘ttiztalikka ko‘tarilishi yurtimizda ushbu yo‘nalishda mahoratli sportchilar kamol topayotganligini ko‘rsatmoqda.
Jahon kubogida shpagachi qizlarimiz chorak finalgacha yetib borib, 30 dan oshiq jamoa orasida 8-o‘rinni band etdi. Hamyurtlarimiz 1/8 finalda Avstriyani 45:39 hisobida dog‘da qoldirdi. Ammo, yarim final ostonasida Ispaniya terma jamoasiga teng kurashlar ostidagi murakkab bahsda 41:45 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Shpagachi yigitlarimiz ham 28 ta jamoa orasida 1/8 finalgacha bo‘lgan bahslarni muvaffaqiyatli o‘tkazganligini alohida ta’kidlamoq lozim.
T. Ro‘ziyev. O‘zA