O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Kosmik monitoring ishlarini amalga oshirish va davlat boshqaruvi organlarini kosmik suratlar bilan ta’minlash, shuningdek, kosmik texnologiyalarni qo‘llash orqali ijtimoiy-iqtisodiy, ilm-fan, mudofaa va xavfsizlik sohalarida kosmik faoliyat natijalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi o‘rinda – “O‘zbekkosmos” agentligi) O‘zbekistonning kosmik faoliyatini tartibga solish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni belgilash hamda kosmik monitoring, shu jumladan, davlat kosmik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

2. Davlat kosmik monitoringini amalga oshirish doirasida “O‘zbekkosmos” agentligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash;

davlat kosmik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan monitoring jarayonlarida kosmik texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha takliflarni tayyorlash;

sohalarda vazirlik va idoralar tomonidan kosmik texnologiyalarni qo‘llash darajasini monitoring qilish va ularning joriy etilishini jadallashtirish.

3. Quyidagilar:

2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining kosmik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;

2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“O‘zbekkosmos” agentligi 2024 yil 1 декабрга qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, mazkur qarorda belgilangan vazifalar bo‘yicha erishilgan natijalar va maqsadli ko‘rsatkichlar, shuningdek, tegishli davr uchun kosmik texnologiyalar taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Moliya vazirligi 2-ilovadagi chora-tadbirlarni 2023-2024 yillarda amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘lar Davlat byudjetidan “O‘zbekkosmos” agentligiga ajratilishini ta’minlasin.

4. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 avgustdagi “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-357-son qarori doirasida:

vazirlik, idora va tashkilotlar “O‘zbekkosmos” agentligining so‘rovnomasiga asosan zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida va sifatli taqdim etadi;

tegishli sohalarda mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlari tasdiqlangan yo‘nalishlar doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsan mas’ul hisoblanadi.

5. “O‘zbekkosmos” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda davlat kosmik monitoringini amalga oshirish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda:

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladigan sohalarga oid davlat kadastrlari ma’lumotlari (vektor va atributiv parametrlariga o‘zgartirishlarsiz) asl holida o‘rnatilgan tartibda “O‘zbekkosmos” agentligiga muntazam ravishda taqdim etib borilishini;

davlat kosmik monitoring tizimi orqali yer osti boyliklarini qazib olish, suv resurslarini muhofaza etish, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va realizatsiya qilish yo‘nalishlarida (davlat yer va kadastr nazorati sohasidagi huquqbuzarliklar bundan mustasno) aniqlangan huquqbuzarliklar uchun undiriladigan ma’muriy jarimalarning 10 foizini Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirishni nazarda tutsin.

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

manfaatdor vazirlik va idoralar har yili 20 iyulga qadar kelgusi yil uchun kosmik xizmatlarga bo‘lgan yillik ehtiyoj hajmi, davriyligi va ularni yetkazib berish muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “O‘zbekkosmos” agentligiga taqdim etadi;

vazirlik va idoralarning talabiga ko‘ra “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan amalga oshiriladigan kelgusi yil uchun kosmik xizmatlar hajmi va turlari har yili 1 oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

kosmik xizmatlar xarajatlarining bir qismi “O‘zbekkosmos” agentligi xarajatlar smetasida ajratilgan byudjet mablag‘lari, qolgan qismi Moliya vazirligi mablag‘lari tarkibida nazarda tutiladi hamda ushbu mablag‘ keyinchalik Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari asosida qayta taqsimlanadi.

7. “O‘zbekkosmos” agentligiga:

kosmik texnologiyalarni joriy etish tizimini moliyalashtirish uchun xarajatlar bo‘yicha takliflarni shakllantirish hamda zaruratga ko‘ra xorijiy qarz, grantlar va boshqa mablag‘larni jalb etish;

Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hamda ularni taqsimlash huquqi berilsin.

8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Kadastr agentligi va “O‘zbekkosmos” agentligi bilan birgalikda 2023 yil 1 fevralga qadar davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladigan sohalarga oid davlat kadastrlari ma’lumotlarini “Elektron hukumat”ning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali taqdim etish bo‘yicha o‘zaro integratsiya qilishni ta’minlasin.

9. “O‘zbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va tijoriy kosmik faoliyatni rivojlantirish maqsadida:

Global sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya (GNSS) tizimlari operatorlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;

Xalqaro astronavtika federatsiyasiga (IAF) a’zo bo‘lish;

xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar, kompaniyalar va banklar bilan kosmik sohaga xorijiy sarmoya va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish;

favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda sun’iy yo‘ldosh apparatlari orqali yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini tezkor qabul qilish maqsadida xorijiy sun’iy yo‘ldosh operatorlari bilan kelishuv, memorandum, bitim va shartnomalar tuzish choralarini ko‘rsin.

10. Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2023 yil yakuniga qadar qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, telekommunikatsiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, gidrometeorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirishda yerni masofadan turib zondlash, yo‘ldosh aloqa, navigatsiya tizimlarini qo‘llash masalalarining ilmiy va innovatsion yechimiga qaratilgan amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini shakllantirsin.

Bunda, ilmiy tadqiqot natijalarini ishlab chiqarish faoliyatiga samarali joriy etish maqsadida tanlov e’lon qilish uchun taqdim etiladigan loyiha mavzulari va ulardan kutilayotgan natijalar “O‘zbekkosmos” agentligi bilan kelishiladi.

11. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarordan ko‘zlangan maqsad va vazifalar, shuningdek, Dastur va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish jarayonini yoritish bo‘yicha maqola va mavzuli teledasturlarni tashkil etsin.

12. “O‘zbekkosmos” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib “O‘zbekkosmos” agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchisi Sh.M.Kadirov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                     Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri, 

2022 yil 23 noyabr