O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘tgan davr mobaynida xom ashyo bazasini yaratish va rivojlantirish, sifatli va raqobatbardosh vinochilik va alkogolli mahsulotlarni (keyingi o‘rinlarda alkogolli mahsulotlar deb yuritiladi) realizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirib borish, shuningdek, ushbu sohaga chet el investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, tizimga oid bir qator muammolar va kamchiliklar sohaga alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish, eksport salohiyatining barqaror o‘sishini ta’minlash, sohani boshqarishning samarali tizimini yaratish imkonini bermayapti, shu jumladan:

birinchidan, uzumning texnik navlari maydonlarining keskin qisqarib ketishi, ularni yetishtirish bo‘yicha ilg‘or usullarning sust joriy etilishi, uzumzorlar hosildorligining pastligi, shuningdek, fermer xo‘jaliklarining yetarlicha manfaatdor bo‘lmasligi vinochilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlari pasayib ketishi va qayta ishlash quvvatlaridan samarasiz foydalanishning tizimli sababiga aylandi;

ikkinchidan, oziq-ovqat etil spirti, pivo pishirish, likyor-aroq va boshqa alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni yangilash va texnik jihatdan qayta qurollantirish bo‘yicha qo‘llanayotgan texnologik siyosat samaradorligining past ekanligi, ularga mavjud muammolarni samarali hal etish, shuningdek, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilishda ko‘maklashish imkonini bermayapti;

uchinchidan, alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini istiqbolli boshqarishning rejali metodi ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqarish hajmini sotish bozoridagi ishlarning amaldagi holatini hisobga olib mustaqil belgilash, shuningdek, eksport ulushini oshirish va milliy brendni xorijiy bozorlarga ilgari surish imkonini bermayapti;

to‘rtinchidan, alkogolli mahsulotlarni avtomatlashtirilgan nazorat qilish va hisobga olish tizimlari tatbiq etilishining past darajadaligi sifatsiz va sertifikatlashtirilmagan alkogolli mahsulotlar aylanmasi uchun shart-sharoitlar yaratmoqda;

beshinchidan, “O‘zvinosanoat-xolding” AJ tarkibida sohaga oid bo‘lmagan korxona va tashkilotlarning mavjudligi ortiqcha moliyaviy xarajatlarga, shuningdek, ularning sohadagi faoliyati samaradorligining kamayishiga olib kelmoqda;

oltinchidan, xalqaro hamkorlikning yetarlicha darajada bo‘lmaganligi ishlab chiqarish siklini takomillashtirish uchun malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish, alkogolli mahsulotlarning marketing siyosatini va ularni brendlashtirishni kuchaytirish, yangi sotish bozorlariga olib chiqish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish, sohani boshqarishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va korxonalarning eksport salohiyatini oshirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:

1. “O‘zvinosanoat-xolding” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:

“O‘zvinosanoat-xolding” AJ va uning Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini tegishlicha “O‘zsharobsanoat” AJ va “O‘zsharobsanoat” AJning Rivojlantirish jamg‘armasi deb qayta nomlash;

“Vinagroimpeks” MChJni o‘rnatilgan tartibda tugatish;

sohaga oid bo‘lmagan korxonalarni “O‘zsharobsanoat” AJ tarkibidan 1-ilovaga muvofiq chiqarish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

2018-yilning 1-aprelidan vinochilik mahsulotlari uchun yaroqlilik muddatini belgilash to‘g‘risidagi talab istisno etiladi va bunday mahsulot ishlab chiqaruvchilarga ularni saqlash muddatini mustaqil belgilash huquqi taqdim etiladi;

2018-yilning 1-iyulidan alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarga o‘z vinochilik mahsulotlarini turistik yo‘nalishlarida tashkil etilgan zavodga tegishli degustatsiya hududlarida (joylarida) chakana realizatsiya qilish huquqi beriladi;

2019-yilning 1-yanvaridan tabiiy vinolar, vinomateriallar va konyak spirtini ishlab chiqarish, shuningdek, uzumni qayta ishlash bo‘yicha faoliyatni uzumning meva beruvchi texnik navlarini yetishtirish bo‘yicha 100 gektardan kam bo‘lmagan plantatsiya maydoniga, shuningdek, vino-konyak mahsulotlarining saqlanishi va yetilishi uchun eman bochkalariga ega korxonalar, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarga rioya qilgan holda, amalga oshirishlari mumkin;

2019-yilning 1-yanvaridan o‘z uzumzor plantatsiyalarining xom ashyosidan ishlab chiqarilgan tabiiy uzum vinolarini qishloq xo‘jaligi mahsuloti toifasiga kiritgan holda, ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash bekor qilinadi;

“O‘zsharobsanoat” AJ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga kiradi;

uzumning texnik navlarini yetishtirish uchun yer maydonlarini ajratish “O‘zsharobsanoat” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda yuqori hosil olish uchun zarur bo‘lgan tuproqning unumdorligi, suv bilan ta’minlash manbalarining mavjudligini hisobga olib amalga oshiriladi.

3. Uzumning texnik navlarini yetishtirish bo‘yicha mavjud uzumzorlar inventarizatsiyasini o‘tkazish va vinochilik sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash bo‘yicha Maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda – Maxsus komissiya) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

4. Maxsus komissiya (S.R.Xolmurodov):

a) uzumning texnik navlari yetishtiriladigan, shu jumladan fermer xo‘jaliklari egaligidagi uzumzorlarni joyiga chiqib viloyatlar va tumanlar (shaharlar) kesimida inventarizatsiya qilsin, ulardan foydalanishning oqilonaligi va samaradorlik darajasini o‘rgansin;

b) inventarizatsiya yakunlari bo‘yicha 2018-yilning 1-iyuligacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Respublikada vinochilik sohasini yanada rivojlantirishning 2018-2023-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori loyihasini kiritsin, bunda:

uzumning mashhur va istiqbolli navlarini yetishtirish, ko‘paytirish, qayta ishlash sohasida xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish, vinochilik sohasida agrotexnik, karantin va innovatsion texnologiyalarni ishlatish;

xorijda vinochilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladigan bozor mexanizmlarini, shu jumladan ishlab chiqaruvchi
va qayta ishlovchi o‘rtasidagi kooperatsiyani, klaster modelini, ularni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilagan holda joriy etish;

respublikada uzumning jahon bozorida katta talabga ega genetik jihatdan yangi, mashhur va istiqbolli navlarini, shu jumladan mikroklonlash uslubi, shuningdek, uzumning in vitro genofondi kolleksiyalarini yaratish yo‘li bilan yetishtirish;

agrotexnika va karantin tadbirlarini o‘tkazish uchun xarajatlarni kamaytirish, hosildorlikni oshirish, shuningdek, 3-ilovada ko‘rsatilgan yer maydonlaridan uzumni qayta ishlash infratuzilmasini ustuvor rivojlantirish maqsadida uzumning texnik navlari ekilgan har bir plantatsiya maydonini kamida 100 gektarga yiriklashtirish;

“O‘zsharobsanoat” AJ korxonalariga uzumning texnik navlarini yetishtirish uchun yer uchastkalarini, shu jumladan uzumning texnik navlarini yetishtirish uchun yaroqli bo‘lgan tog‘oldi hududlaridan ajratishga va 2021-yilning oxiriga kelib “O‘zsharobsanoat” AJ korxonalarining plantatsiyalarini, ushbu bandga muvofiq ularni yiriklashtirishni hisobga olgan holda, 10 ming gektarga yetkazish;

respublika hududida vinochilik va uzumchilikda ishlatiladigan texnika va uskunalarni ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlarni, shuningdek, ushbu sohada agrotexnik vositalarni ishlab chiqish bo‘yicha konstruktorlik byurolarini yaratish;

uzumning texnik navlari plantatsiyalarida, ularning tuproq spetsifikasini hisobga olgan holda, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilishini kengaytirish;

ekish materiallarini turli viruslar va bakteriyalardan, shu jumladan mikoplazmlar va bakterial saratondan himoya qilish bo‘yicha karantin chora-tadbirlarini amalga oshirish;

vinochilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni yonilg‘i-moylash materiallari, o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilishning boshqa vositalari bilan uzumning texnik navlari plantatsiyalarini shakllantirishning birinchi besh yilligida imtiyozli narxlarda ta’minlash;

ishlab chiqaruvchi, yer uchastkasi, uzumning holati, navi, barpo etilgan vaqti, hosildorligi va boshqa tavsiflovchi ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan uzumning texnik navlari plantatsiyasining Yagona reyestrini shakllantirish;

ekish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha komplekslarni va mikroklonal ko‘paytirish usuli bilan olingan uzumning texnik navlarini ko‘paytirish va yetishtirish uchun pitomniklarni yaratish, ular tomonidan mevali ekinlar navlari moslanuvchanligini, o‘simlikning ekologik-genetik salohiyati muhit shart-sharoitlariga mos kelishini baholashning ekspress-metodlarini o‘tkazish;

rekonstruksiya qilinayotgan va yangi yaratilayotgan uzumning texnik navlari plantatsiyalarida faqat sertifikatlangan ekish materiali ekilishini ta’minlash;

vinochilik va uzumchilikning huquqiy asoslari, ularni rivojlantirish bo‘yicha davlat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, vinochilik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, realizatsiya qilish, ularning bozorda aylanmasini hisobga olish va nazorat qilish masalalari, shuningdek, ushbu sohadagi boshqa muhim jihatlarni batafsil belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasining “Vinochilik va uzumchilik to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratsin.

Maxsus komissiyaga uning ishiga vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari va mutaxassislarini, ekspertlarni, shu jumladan xorijiy ekspertlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari vakillarini qo‘yilgan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun jalb etish huquqi berilsin.

5. Etil spirti, alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish, tamaki xom ashyosini fermentlash va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha respublika komissiyasi 2018-yilning 1-apreligacha amaldagi litsenziya talablarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish asosida alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarishni litsenziyalash tartibini takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan o‘tkir alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud bo‘lgan yillik ishlab chiqarish quvvatlarini kamida 60 foiz ishlatish to‘g‘risidagi talablar evaziga bunday mahsulotlar ishlab chiqarishni kvotalash tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi:

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda istiqbolda uzumning texnik navlari plantatsiyalarini joylashtirish va ushbu hududlarda keyinchalik ishlab chiqarish obyektlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yishni hisobga olgan holda suv bilan ta’minlashning aniq manbalarini aniqlasin;

uzumning texnik navlari plantatsiyalarining hududini sug‘orish uchun suv quduqlarini burg‘ulash uchun ruxsatnoma berishga har tomonlama ko‘maklashsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsharobsanoat” AJ, M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, boshqa manfaatdor idoralar va muassasalar bilan birgalikda 2018-yilning 1-iyunigacha muddatda:

ekish materiallarining talabgir navlarini import qilish maqsadida, mahalliy tabiiy-iqlim va boshqa shart-sharoitlarni hisobga olgan holda, uzumning mashhur texnik navlarini yetishtirish va ko‘paytirish sohasida xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan, shu jumladan joyiga chiqib o‘rgansin;

o‘rganish yakunlari bo‘yicha uzumning mashhur texnik navlarini yetishtirish va ko‘paytirish, shuningdek, respublika hududida ekish materiallarining mashhur navlarini ekish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish kompleksini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflarni Maxsus komissiyaga kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va “O‘zsharobsanoat” AJ davlat ichki tartibotlarni tezlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin va 2018-yilning 1-mayigacha muddatda O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro vinochilik va uzumchilik tashkilotiga kirish uchun buyurtmasi berilishini ta’minlasin.

9. Amaliyotga:

mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar, xorijiy turistlar, turli mamlakatlarning vinochilik sohasi vakillari, ekspert va mutaxassislarni keng jalb qilgan holda har yili respublikada vino festivali va Xalqaro degustatsiya tanlovi o‘tkazilishi;

mahalliy vinochilik mahsulotlarining ko‘rgazma-yarmarkalarini xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda o‘tkazilishi joriy etilsin.

“O‘zsharobsanoat” AJ bir oy muddatda 2018-yilda Toshkent shahrida vino festivali va Xalqaro degustatsiya tanlovi o‘tkazilishi to‘g‘risida Hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi doimiy asosda “O‘zsharobsanoat” AJga:

mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar va muassasalarni keng jalb etgan holda har yili vino festivali va Xalqaro degustatsiya tanlovi o‘tkazishda;

mahalliy vinochilik mahsulotlarining ko‘rgazma-yarmarkalarini xorijiy mamlakatlarda o‘tkazishda ko‘maklashsin.

11. “O‘zsharobsanoat” AJ:

ishlab chiqarish siklini takomillashtirish, marketing siyosatini kuchaytirish va alkogolli mahsulotlarni brendlash, ularni yangi sotish bozorlariga olib chiqish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish;

mavjud vinochilik bazasida ikkilamchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni (uzum yog‘i, oziq-ovqat bo‘yoqlari va boshqa turdagi mahsulotlar) chuqur qayta ishlashni joriy etish;

“O‘zsharobsanoat” AJ vino-konyak korxonalarida vinolar va konyaklarning sifatini yanada yaxshilash va eksport qiymatini oshirish, shuningdek, vino materiallarini saqlash uchun zanglamaydigan po‘latdan sig‘imlar ishlab chiqarish maqsadida ular yetilishiga joylashtirish uchun eman sig‘imlar parkini yaratish bo‘yicha choralar ko‘rsin.

12. Quyidagilar:

uzumning texnik navlarini ishlab chiqaruvchilar 2025-yilning 1-yanvariga qadar muddatga, qishloq xo‘jalik ekinlarini qator oralab yetishtirishidan qat’i nazar, yer solig‘ini to‘lashdan;

vinochilik korxonalari O‘zbekiston Respublikasida yetarli hajmlarda ishlab chiqarilmaydigan, vinochilik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan va foydalaniladigan materiallar, xom ashyo, o‘simliklarni himoya qilish vositalari va buyumlar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida olib kirilishi uchun 2025-yilning 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlarini (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etilsin.

13. “O‘zsharobsanoat” AJ zimmasiga oziq-ovqat etil spirti, pivo pishirish, likyor-aroq, vinochilik va boshqa alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarni modernizatsiya qilish va qayta texnik jihozlash bo‘yicha ko‘maklashish yuklatilsin.

14. Belgilab qo‘yilsinki:

2019-yilning 1 yanvaridan boshlab pivo pishirish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rnatilgan tartibda “O‘zsharobsanoat” AJ tarkibiga shartnoma asosida uyushgan a’zolar sifatida kiritilishi mumkin;

“O‘zsharobsanoat” AJ o‘z ulushi bilan ishtirok etadigan tijorat tashkilotlari faqat jamiyat kuzatuv kengashining qarori asosida aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi;

“O‘zsharobsanoat” AJ korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini rejalashtirish jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi qarori asosida, talab va taklif kon’yunkturasi tahlili, tayyor mahsulot qoldiqlari, shuningdek, tarmoqni rivojlantirish konsepsiyasini hisobga olib amalga oshiriladi.

15. “O‘zsharobsanoat” AJ tashkiliy tuzilmasi, shuningdek, boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 74 nafar bo‘lgan uning ijro apparati tuzilmasi 4 va 5-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.

“O‘zsharobsanoat” AJ boshqaruvi raisiga zarur hollarda boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida ijro apparati tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish huquqi berilsin.

16. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zsharobsanoat” AJ boshqaruvining raisi va uning o‘rinbosarlari jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan saylanadi, lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

17. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zsharobsanoat” AJ O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab vinochilik sohasi uchun oliy malakali kadrlarni tayyorlovchi fakultetni tuzish va uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

18. Belgilab qo‘yilsinki, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari vinochilik sohasida mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyotni tizimli asosda bevosita ishlab chiqarish va o‘zga korxonalarda, shu jumladan “O‘zsharobsanoat” AJda o‘taydilar.

19. “O‘zsharobsanoat” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzurida Vinochilik sohasida mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

fan va texnikaning zamonaviy yutuqlaridan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, ta’limning samarali interaktiv uslublarini qo‘llab vinochilik korxonalari xodimlarining bilim va ko‘nikmalari darajasini oshirish;

vinochilik iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishi hisoblangan xorijiy mamlakatlarning vinochilik korxonalari ish tajribasi bilan tanishtirish, shu jumladan u yerda mamlakat mutaxassislarining tajriba o‘rganishini tashkil etish, vinochilik sohasini rivojlantirish uchun malakali xorijiy ekspertlarni jalb etish;

vinochilik sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, innovatsion yondashuvlar asosida vinochilik sohasi xodimlari uchun birgalikdagi o‘quv mashg‘ulotlari va kurslari o‘tkazilishini tashkil etish.

20. 2020-yilning 1-yanvaridan barcha alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, ularni ishlab chiqarish hajmlari (turi, nomi va boshqa ma’lumotlar) to‘g‘risida hamda “ishlab chiqaruvchi – ulgurji sotuvchi – chakana sotuvchi – iste’molchi” xalqasi asosida realizatsiya qilinishi to‘g‘risida batafsil axborotni o‘zida jamlagan alkogolli mahsulotlar harakatini nazorat qilish va hisobga olishning axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – axborot tizimi) tuzilsin va joriy etilsin, bunda quyidagilar ko‘zda tutilsin:

axborot tizimi “UZINFOCOM davlat axborot tizimlarini yaratish
va quvvatlab turish bo‘yicha yagona integrator” tomonidan ishlab chiqilishi;

axborot tizimi ishlab chiqilishini moliyaviy ta’minlash manbalari – 50 foizi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi va 50 foizi “O‘zsharobsanoat” AJ Rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zsharobsanoat” AJ, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar mutaxassislaridan iborat axborot tizimi yaratilishi va joriy etilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhini shakllantirish.

Axborot tizimiga ulanishning oxirgi muddatlari quyidagicha belgilansin:

“O‘zsharobsanoat” AJ ulushi 51 foiz va undan ko‘proqni tashkil qiluvchi alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun – 2022-yilning 1-yanvarigacha;

alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi boshqa korxonalar uchun
– 2022-yilning 1-iyunigacha;

“Sharobsavdo” ixtisoslashgan ulgurji savdo bazalari uchun – 2022-yilning 1-oktabrigacha;

alkogolli mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun – 2022-yilning 1-dekabrigacha.

21. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti korxonalarning axborot tizimiga o‘z vaqtida va to‘liq ulanishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirsin.

22. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018-yilning 1-iyunigacha muddatda:

xorijiy amaliyot va alkogolli mahsulotlar bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda, shuningdek, “Sharobsavdo” ixtisoslashgan ulgurji savdo bazalarining faoliyatini tanqidiy o‘rganish natijalari bo‘yicha alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishning bozor mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha, shu jumladan ishlab chiqaruvchilarga o‘zlarining mahsulotlarini ularga tegishli bo‘lgan firma do‘konlari hamda ushbu mahsulotlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanayotgan boshqa yuridik shaxslarga realizatsiya qilish huquqini berish orqali takliflar kiritsin;

“O‘zsharobsanoat” AJ Rivojlanish fondi va homiylar mablag‘lari hisobidan 2018-2023-yillar uchun xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida vinochilik va uzumchilik sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha Dastur kiritsin, bunda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakani oshirish kurslarini tugatgandan so‘ng mutaxassislar uchun mehnat faoliyatini “O‘zsharobsanoat” AJ korxonalarida davom ettirish bo‘yicha majburiyatlar belgilab qo‘yilsin;

xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda vinochilik mahsulotlarini reklama qilishda cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritsin;

alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalarda moliyaviy inspektorlarning faoliyati tanqidiy o‘rganilishini tashkil etsin, bunda ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rsin;

“O‘zsharobsanoat” AJ korxonalari tomonidan energiyaning muqobil manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va kengaytirish Dasturini tasdiqlasin.

23. Hisob palatasi “O‘zsharobsanoat” AJ, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2018-yilning 1-avgustiga qadar “O‘zsharobsanoat” AJ korxonalarining bandligi, shtat birliklari, xarajatlarning oqilonaligi, tashkiliy tuzilmalarini tanqidiy o‘rgansin hamda ularni maqbullashtirish va xarajatlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini va ishlab chiqarishning rentabelligini yaxshilash maqsadida faoliyat samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vinochilik sohasini rivojlantirish maqsadida uzumning texnik navlari plantatsiyalari uchun uskunalar, texnika, butlovchi ashyolar va boshqa zarur vositalarni sotib olish maqsadida amaldagi qayta moliyalash foiz stavkalari asosida imtiyozli muddati besh yildan kam bo‘lmagan uzoq muddatli yetti yillik imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’minlasin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti ikki oy muddatda ta’lim, sport muassasalari va diniy muassasalardan besh yuz metrdan kam radiusda alkogolli va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilayotgan subyektlarni aniqlash bo‘yicha chakana savdo obyektlarini inventarizatsiyadan o‘tkazsin.

26. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat hokimlari “O‘zsharobsanoat” AJga mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashsin.

27. “O‘zsharobsanoat” AJ Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

28. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 28-fevral