O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zining noyob asarlari hamda olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, Ilk Renessans davrining yorqin namoyandasi Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash maqsadida:

1. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma), YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda keng jamoatchilikning 2022-2023 yillarda buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini YUNESKO shafeligida xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

YUNESKO Bosh konferensiyasi qarori bilan Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash YUNESKOning 2022-2023 yillarda nishonlanadigan xalqaro yubileylar ro‘yxatiga kiritilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) bir oy muddatda Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash bo‘yicha ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishni va quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini mas’ul ijrochilar, moliyalashtirish manbalari va miqdorlarini aniq belgilagan holda tasdiqlasin:

respublikamizdagi Abu Rayhon Beruniy nomi bilan bog‘liq obida va qadamjolarni, shu jumladan, Abu Rayhon Beruniy sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik majmualarini mukammal ta’mirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish, “Buyuk Beruniy merosi” xalqaro sayyohlik marshrutlarini yo‘lga qo‘yish;

olimlar va mutaxassislarning taklif-mulohazalari asosida ishlab chiqiladigan konsepsiya asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida 2023 yil yakuniga qadar Abu Rayhon Beruniy majmuasini qurish va uning hududida ilmiy-ma’rifiy, madaniy va dam olish hamda turizm ob’ektlari faoliyatini tashkil qilish, ushbu masalada ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori belgilangan tartibda qabul qilinishini tashkil qilish;

alloma ilmiy-ijodiy merosiga mansub qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli saqlash uchun zarur sharoit yaratish;

Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi va Xorazm Ma’mun akademiyasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularda madaniy meros ob’ektlari, shu jumladan, arxeologiya merosi ob’ektlari, muzey ashyolarini restavratsiya va konservatsiya qilishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil qilish hamda ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash;

Abu Rayhon Beruniy merosini o‘rganish maqsadida xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e’lon qilish, shu mavzuda ilmiy, badiiy-publitsistik asarlar yaratish, xorijiy olimlarning asarlarini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish;

yuqori sifatli media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida efirga berib borish, Internet va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, dunyo miqyosida xeshteg va chellenj kabi targ‘ibotning zamonaviy texnologiyalarini qo‘llash;

Abu Rayhon Beruniy siymosi tasvirlangan, allomaning ilmiy-ijodiy merosiga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar turkumini yaratish, taqvimlar va ko‘rgazmali axborot vositalariesdalik tangalari, kumush va oltin yubiley tangalarini muomalaga chiqarish;

umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, akademik litseylar va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Xorazm viloyatida tegishli fan bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari, O‘zbek milliy madaniy markazlari, vatandoshlar jamiyatlarida Abu Rayhon Beruniy ilmiy-ma’rifiy merosi, uning insonparvarlik g‘oyalarini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida ilmiy anjumanlar va davra suhbatlari tashkil etish;

ilmiy doiralar, xalqaro ekspertlar va keng jamoatchilikning taklif-mulohazalari asosida boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.

3. Jamg‘arma Tashkiliy qo‘mitaning ishchi organi etib belgilansin va mazkur qarorda belgilangan vazifalar bo‘yicha vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin.

4. Tashqi ishlar vazirligi:

Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini dunyo miqyosida chuqur o‘rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo‘shgan shaxslarni hamda ilmiy-ijodiy muassasalarni taqdirlash maqsadida Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish;

Abu Rayhon Beruniy yubileyiga bag‘ishlangan tadbirlarni tegishli xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, YUNESKO bilan hamkorlikda tashkil qilish;

xorijiy mamlakatlardagi Abu Rayhon Beruniy yodgorlik majmualarida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borsin hamda ularning natijalari bo‘yicha Tashkiliy qo‘mitaga taklif kiritsin.

5. Fanlar akademiyasi, Madaniy meros agentligi, Tashqi ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Abu Rayhon Beruniy hayoti va ilmiy-ijodiy merosi hamda u yashagan davrga oid qo‘lyozmalar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning faksimile nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, tadqiq etish va davlat elektron katalogi hamda YUNESKOning raqamli kutubxonasiga joylashtirish choralarini ko‘rsin.

6. Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Abu Rayhon Beruniy hayoti va merosini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovini e’lon qilsin.

7. Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil dekabrga qadar “Beruniy va yoshlar” maxsus dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin. Bunda, Abu Rayhon Beruniy hayotiga oid ma’lumotlar, uning ilmiy-ma’rifiy asarlari jamlangan mobil ilova yaratsin va yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirsin.

8. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

a) Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadigan muddatlarda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati, uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilsin;

Toshkent shahrida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni o‘tkazsin;

b) Abu Rayhon Beruniyning barcha asarlarini to‘plash asosida bosqichma-bosqich allomaning to‘liq asarlari turkumini Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, arab va fors tillarida nashr etish choralarini ko‘rsin.

9. Madaniyat vazirligi 2023 yilda Abu Rayhon Beruniy hayoti va ilmiy-ma’rifiy faoliyati asosida yangi spektakllar yaratsin hamda ularning respublika bo‘ylab teatrlarda namoyish etilishini tashkil etsin.

10. Kinematografiya agentligi 2022-2023 yillarda Abu Rayhon Beruniy hayoti va ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga bag‘ishlangan badiiy, multiplikatsion va to‘liq metrajli hujjatli filmlar, ko‘p qismli teleserial yaratish hamda ularni xorijiy mamlakatlarda ham keng namoyish qilish choralarini ko‘rsin.

11. Badiiy akademiya va “Hunarmand” uyushmasi 2022-2023 yillarda respublikamiz bo‘ylab Abu Rayhon Beruniy hayoti va ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga bag‘ishlangan tasviriy san’at asarlari, miniatyuralar, xalq amaliy san’ati namunalari hamda fotosuratlar ko‘rgazmalarini tashkil etsin.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar Abu Rayhon Beruniy hayoti va ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida, shuningdek, ta’lim tashkilotlari va mehnat jamoalarida keng targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish choralarini ko‘rsin.

13. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish, allomaning ilmiy-ma’rifiy merosi asosida maxsus ko‘rsatuv va eshittirishlar, o‘quv-ma’rifiy filmlar yaratish tavsiya etilsin.

14. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Davlat byudjeti hisobidan ajratilgan mablag‘lar, tashkilotchilarning o‘z mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 25 avgust