Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining prokuratura organlarining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi.
Hisobotda prokuratura organlari tomonidan mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash borasida 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy sohada belgilangan dolzarb vazifalar ijrosi, ayniqsa, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni kambag‘allikdan chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, 4 187 nafar fuqaroga o‘z vaqtida to‘lab berilmagan 7 milliard so‘mlik ish haqi, pensiya va nafaqalar undirib berilgan, shu bilan birga, 29 milliard so‘mlik bunday to‘lovlar talon-toroj qilinganligi aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan.
Mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida o‘ta muhim bo‘lgan Investitsiya dasturlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash, davlat xaridlari sohasida qonuniylikni mustahkamlashga ustuvor masala sifatida ahamiyat qaratilib, ko‘rilgan choralar natijasida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlarga kiritilgan loyihalar uchun rejalashtirilgan mablag‘lardan 1,5 trillion so‘mi tejab qolinishiga erishilgan.
O‘z navbatida, senatorlar prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga ayrim yo‘nalishlarda nazoratni yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidladilar.
Jumladan, 6 462 ta jinoyatni hisobdan yashirish holatlari aniqlanib, barchasi hisobga qo‘yilgan hamda jinoyatlarni qasddan yashirgan mas’ul xodimlarga nisbatan 44 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan kelib tushgan 3 028 ta ariza va xabarlarning barchasi bo‘yicha tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilgan. Tekshirish natijalariga ko‘ra, jami 161 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdor shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilishi ta’minlangan.
Shu bilan birga, respublikada sodir etilayotgan qonun buzilish holatlarining chuqur tahlili asosida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ushbu jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar yuzasidan xulosa va tavsiyalar taqdim etish lozimligi ta’kidlandi.
Senatorlar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilib, qurilish-ta’mirlash ishlari 2021 yilda yakunlanishi kerak bo‘lgan 1 728 ta ob’ektning 453 tasi 2022 yilga ko‘chirilganligi yuzasidan izoh so‘radilar.
Senat a’zolari majlisda muhokama qilingan yo‘nalishlarda nazoratni yanada kuchaytirish, aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga nisbatan qat’iy va ta’sirchan choralar ko‘rish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra parlament a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi.
Hisobot yilida Markaziy bank tomonidan asosiy e’tibor pul-kredit siyosati instrumentlarini inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish uchun yo‘naltirish hamda bank tizimidagi xatarlarni oldindan aniqlash va ularni yumshatish choralarini ko‘rib borish, shuningdek, mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Xususan, inflyatsiya darajasining yil yakuniga qadar 10 foizlik prognoz ko‘rsatkichiga erishish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi hisobot yili davomida yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolingan.
Banklar va to‘lov tizimlarining barqaror hamda ishonchli faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida tijorat banklariga zarur moliyaviy resurslar taqdim etilgan. Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga 166,7 trillion so‘m yoki 2020 yilga nisbatan 1,3 barobarga ko‘p kreditlar yo‘naltirilgan.
Kichik tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlari uchun 436 mingdan ortiq loyihaga jami 59,6 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan narxlar barqarorligini ta’minlashda pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanish va takomillashtirish hamda bank tizimi barqarorligini va to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash borasida qator takliflar bildirildi.
Majlisda inflyatsiyaga nomonetar omillar ta’sirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida har bir omilning yuzaga kelish sabablarini chuqur tahlil qilish va hukumatga takliflar kiritib borish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan tijorat banklari faoliyatini tartibga solishda xalqaro tan olingan standartlarni joriy qilish, banklarda kredit tavakkalchiligi hisob-kitobini yanada maqbullashtirish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Senatning yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitildi.
Hisobot yilida Hisob palatasining asosiy e’tibori Davlat byudjeti ijrosiga, davlat hamda hududiy dasturlarning moliyalashtirilishi va natijadorligiga, davlat qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining samaradorligiga, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga, shuningdek, soliq va bojxona tizimida erishilgan natijalar, mavjud muammolar, tizimli qoidabuzarliklar va kamchiliklarga qaratilgan.
Hisob palatasi tomonidan 2021 yilda 60 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari hisobidan ajratilgan mablag‘lar sarflanishi yuzasidan 338 milliard so‘mlik noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘zlashtirishlar hamda samarasiz xarajatlar, 2,1 trillion so‘mdan ortiq xarajatlar maqbullashtirilib, ustuvor vazifalarni moliyalashtirish uchun qayta taqsimlangan.
Hisob palatasi tomonidan byudjet daromadlari to‘liqligini ta’minlash, hududlarda mahalliy byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishni nazorat qilish borasida muntazam ish olib borilib, aniqlangan tizimli xato-kamchiliklar bartaraf etilgan.
Hisob palatasi o‘z faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga amal qilib, moliyaviy huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida rasmiy veb-sayt, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 60 ga yaqin materiallar joylashtirgan.
Majlisda Qurilish, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tomonidan mablag‘lardan maqsadsiz foydalanilishi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
Xususan, Investitsiya dasturiga kiritilgan ob’ektlarning qurilish-ta’mirlash ishlarini loyihalashtirish va ishlarni bajarishda 5 trillion so‘mlik 783 ta ob’ekt belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagan.
Sog‘liqni saqlash tizimida xorijiy kreditlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida xarid qilingan 161,1 milliard so‘mlik 629 ta tibbiy jihozlar foydalanilmasdan olti oydan ikki yilgacha bo‘lgan muddatda omborlarda saqlangan.
Senat a’zolari yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar o‘z muddatida va sifatli bajarilishi ustidan Hisob palatasi alohida nazoratni o‘rnatishi lozimligini qayd etdilar.
Hisob palatasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali bajarish maqsadida Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, byudjet tashkilotlari, byudjetdan mablag‘ oluvchilar, boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarni birgalikda nazorat qilish bo‘yicha aniq rejalarni ishlab chiqishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, nazorat o‘tkazish davrida jinoyat alomatlarini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar, shu jumladan, korrupsiyaga doir huquqbuzarliklar alomatlari aniqlangan taqdirda, tegishli materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Senatorlar Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar byudjetlarining mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan nazorat olib borishda, byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishini, bunga olib kelayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qilishda, byudjet to‘g‘risidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishda Hisob palatasi va Senatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini qayd etdilar.
Qayd etilgan muammo va kamchiliklar Hukumat, tegishli vazirlik va idoralar, hududlardagi mutasaddilar ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi va Senatning tegishli qarori qabul qilinib nazoratga olindi.
Shundan so‘ng Senat a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, qonun bilan soliq qonunchiligiga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga qilingan xayriya mablag‘lari soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar qatoriga kiritilmoqda.
Qonunga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvaridan 2031 yilning 1 yanvariga qadar bo‘lgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub’ektlari foyda solig‘ini, aylanmadan olinadigan soliqni, ijtimoiy soliqni va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 1 foiz miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi belgilanmoqda.
Shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, bo‘yalgan matoni, bo‘yalgan gazlamani va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari (shu jumladan, komissioner (ishonchli vakil) orqali eksport qilgan tadbirkorlik sub’ektlari) 2022 yilning 1 fevralidan 2025 yilning 1 yanvariga qadar bo‘lgan davrda ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lashi belgilanmoqda.
Ta’kidlash lozimki, ushbu imtiyoz bo‘yalgan mato, bo‘yalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qilishdan olingan tushumi barcha tovarlarni va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining kamida 80 foizini tashkil etadigan soliq to‘lovchilarga nisbatan qo‘llaniladi.
Qonun bilan aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash maqsadida 2021 yilning 1 mayidan 2022 yilning 31 dekabriga qadar respublikamiz hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, 2021 yilning 10 oktyabridan 2022 yilning 31 dekabriga qadar bo‘lgan davrda esa go‘shtni (mol go‘shtini, qo‘y go‘shtini), tirik hayvonlarni (molni va qo‘yni) hamda ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakatimiz hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Senat a’zolari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar Andijon viloyati hokimining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar haqidagi hisobotini eshitdi.
2021 yilda viloyatning yalpi hududiy mahsulot hajmi 43,8 trillion so‘mni, aholi jon boshiga nisbatan qariyb 13,6 million so‘mni tashkil etgan. Kichik biznesning yalpi hududiy mahsulot hajmidagi ulushi 71,8 foizni tashkil etib, har ming nafar fuqaroga 13,8 birlik biznes sub’ekti to‘g‘ri kelgan.
Mahalliy byudjet daromadlari ijrosi 2 trillion 159,9 milliard so‘mga bajarilib, mahalliy byudjetga qo‘shimcha 225,4 milliard so‘m daromad tushirilishiga erishilgan.
Viloyat bo‘yicha jami 54 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini tashkil etgan.
Ehtiyojmand oilalarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditlarining bir qismini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplash maqsadida 1,1 ming nafar fuqaroga subsidiya mablag‘lari to‘lab berilgan.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali 198 mingdan ortiq oila vakillariga qariyb 607,5 milliard so‘m miqdorida ijtimoiy nafaqalar to‘lab berilgan.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga jami 28 milliard so‘mlik moddiy ko‘mak ko‘rsatilgan.
Majlisda senatorlar tomonidan mazkur yo‘nalishda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy o‘rganilganligi, o‘rganish davomida aholi bandligini ta’minlash, mahallabay ishlash orqali aholi muammolarini hal etish, tibbiy-ijtimoiy muassasalar faoliyatini yaxshilash kabi masalalarda o‘z yechimini kutib turgan qator muammoli masalalar saqlanib qolayotganligi, o‘rganishlarning dastlabki natijalari xalq deputatlari viloyat Kengashining kengaytirilgan sessiyasida muhokama qilinib, zarur choralar belgilanganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, majlisda respublika darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar keng muhokama qilindi.
Xususan, 2021 yil davomida Bandlik dasturi ijrosini hududlar va tarmoqlar kesimida amalga oshirish, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga tayyorlash va ularning bandligini ta’minlash borasidagi ishlar talab darajasida emasligi qayd etildi.
Aholiga o‘z daromadiga ega bo‘lishlari uchun uy hayvonlari va parranda olish, issiqxona qurish maqsadida kredit ajratishda ularning kelgusida ushbu kreditlarni to‘lash qobiliyatiga ega bo‘lish yoki bo‘lmasligi hisobga olinmayotganligi, shu kabi omillar sababli ajratilgan kreditlarning qaytarilishida muammoli holatlar yuzaga kelayotganligi ta’kidlandi.
Yangi joriy etilgan hokim yordamchilari tomonidan har bir mahalla bo‘yicha aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahallaning drayverini aniqlash orqali iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.
Mahalliy byudjet hisobidan dori-darmon sotib olish xarajatlari uchun 84,6 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, ayrim tibbiyot muassasalarida ajratilgan mablag‘lar yil yakuniga qadar o‘zlashtirilmaganligi bo‘yicha e’tirozlar bildirildi.
Mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalarini ijtimoiy soha uchun maqsadli yo‘naltirish borasida 2021 yil davomida tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha manbalaridan “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga 5,7 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazilmaganligi, natijada aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan 14 ta muammoli masalalarni bartaraf etish ishlari kechikkanligi muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Yalpi majlis yakuniga ko‘ra, o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi hamda ijrosi ustidan parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda senatorlar tomonidan 21 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun muhokama etildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati